Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiya Federal Havo Transporti Agentligi (Rosaviatsiya) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilgi yozgi jadvalda O‘zbekiston Rossiya aviakompaniyalari uchun parvozlarning asosiy xalqaro yo‘nalishiga aylandi. Joriy mavsumda Rossiya aviakompaniyalari O‘zbekistonga 67 ta yo‘nalish bo‘yicha reyslarni amalga oshiradi, bu xalqaro yo‘nalishlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

ATO.ru aviatsiya portalining eslatishicha, 2022-yildan beri Rossiya hukumati muayyan davlatlar bo‘yicha aviatashuvlar hajmiga doir ma’lumotlarni e’lon qilmayapti, biroq pandemiyadan oldingi 2019-yilda O‘zbekiston Rossiya bilan yo‘lovchi tashish hajmi bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinni egallagan edi. O‘shanda Rossiya aviakompaniyalari ikki davlat o‘rtasida 1,24 million yo‘lovchi tashigan, bu Turkiya bilan bo‘lgan yo‘lovchi oqimidan 9,5 baravar, Xitoy bilan esa 2,4 baravar kam edi.

O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun ham Rossiya asosiy bozor hisoblanadi. Lufthansa Consulting hisob-kitoblariga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekiston aviakompaniyalari yo‘lovchi oqimining 49 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich 52 foizgacha o‘sgan. Joriy mavsumda milliy aviatashuvchi Uzbekistan Airways Rossiyaning 19 ta shahriga, O‘zbekistonning eng yirik xususiy tashuvchisi Centrum Air esa 13 ta shaharga parvozlarni amalga oshirmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi katta yo‘lovchi oqimini ikki tomonlama mehnat migratsiyasi hamda O‘zbekistonning ishbilarmonlik va turistik safarlar uchun jozibadorligi bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, G‘arb davlatlari havo hududi Rossiya tashuvchilari uchun yopilgan sharoitda Toshkent rossiyaliklarning AQShga uchishi uchun tranzit hablaridan biriga aylangan, Uzbekistan Airways esa Markaziy Osiyoda Nyu Yorkka transatlantik reyslarni amalga oshiradigan yagona aviakompaniya hisoblanadi.

2025-yil iyul oyida O‘zbekiston va Rossiya haftasiga o‘zaro reyslar sonini 3 barobarga oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirishga kelishib olgandi, bu o‘sha paytdagi 310 dan ortiq parvoz 1000 dan ortadi degani. Bundan tashqari, uch yo‘nalishni bog‘lovchi “uchburchak” shaklidagi qatnovlar tashkil etilishi mumkinligi ham qo‘shimcha qilingan.

Source: www.gazeta.uz