O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zenergoinspeksiya) 2026-yilning birinchi choragida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalarini e’lon qildi. Nazorat davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va qoidalarni buzish bilan bog‘liq jami 885 ta holat aniqlandi. Bu holatlar davlat manfaatlariga jami 196 mlrd so‘mlik zarar yetkazishiga sabab bo‘ldi.
Aniqlangan noqonuniy foydalanish holatlariga ko‘ra, 34,6 million kub metr tabiiy gaz (101,6 mlrd so‘m) va 49,7 million kilovatt-soat elektr energiyasi (94,4 mlrd so‘m) noqonuniy ravishda ishlatilgan. Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha 1599 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Neft mahsulotlari bo‘yicha o‘tkazilgan sifat nazorati tadbirlarida esa 180 ta holatda 4058 tonna sifatsiz neft mahsuloti aniqlanib, ularning sotuvga chiqarilishi oldi olingan.
O‘zenergoinspeksiya tomonidan joriy yilda elektr ta’minoti loyihalari va qurilmalarini nazorat qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Umumiy quvvati 716,5 MVt bo‘lgan 2478 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosalar taqdim etildi. Bundan tashqari, umumiy quvvati 1204,8 MVt bo‘lgan 1427 ta iste’molchining elektr qurilmalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, 140 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari kelishilgan va 110 ta obyektning elektr qurilmalari ishga tayyorligi bo‘yicha xulosalar berildi.
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida 8344 ta iste’molchi o‘rtasida profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Quvvati 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga berilgan ko‘rsatmalar asosida 2293 ta iste’molchida reaktiv energiyani kompensatsiya qilish qurilmalari o‘rnatildi, bu orqali 19,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejandi. Ko‘rsatmalarni bajarmagan 11 ta iste’molchiga nisbatan esa ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
O‘zenergoinspeksiya tadbirkorlik subyektlariga elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish yoki hisobga olish asboblariga aralashish orqali energiya resurslaridan foydalanish qonunchilikda belgilangan qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi. Avvalroq O‘zbekistonda elektr, gaz va boshqa muhandislik tarmoqlariga noqonuniy ulanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgandi, yangi qonunga ko‘ra jarimalar oshirildi va takroran sodir etilsa jinoiy javobgarlik qo‘llaniladi. Yangilik iyun oyida kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 2887 ta holat aniqlangan bo‘lib, bu holatlar davlat manfaatlariga jami 1 trln 243 mlrd so‘m zarar yetkazgan. 2026-yilning yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida esa energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning jami 584 ta holati aniqlangan va natijada davlat manfaatlariga jami 153,8 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Source: www.gazeta.uz