Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Strit riteyl — bu binolarning birinchi qavatida joylashgan, vitrinasi va ko‘chaga alohida chiqishi bo‘lgan savdo joylari formati. Toshkentda, ko‘plab shaharlarda bo‘lgani kabi, u asosiy ko‘chalar va magistrallar bo‘ylab joylashgan. Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) konsalting kompaniyasi mutaxassislari ushbu sektorni o‘rganib, poytaxtda uning rivojlanishiga xos xususiyatni aniqladi. Ularning yangi sharhida savdo klasterlarining jamoatni jalb etuvchi nuqtalar atrofida shakllanish tendensiyasi qayd etilmoqda, shuningdek urbanistika ko‘chalar iqtisodiyotini amalda o‘zgartirayotganiga e’tibor qaratilmoqda.

Tadqiqot 2025-yil noyabr-dekabr oylarida shahardagi 10 ta savdo klasterini joyiga borib o‘rganish usulida o‘tkazilgan. Bu joylar strit riteylning turli formatlari — umumiy ovqatlanish, kiyim/poyabzal, byuti xizmatlar, kosmetika va parfyumeriya, oziq-ovqat, dorixonalar, banklar, gul do‘konlari, zootovarlar va boshqalar yuqori darajada jamlangan hududlar hisoblanadi. Ular qatoriga Amir Temur shohko‘chasi, Shevchenko va Shota Rustaveli ko‘chalari, S-1, Mirobod, Oloy va Istiqbol, SUM, Tashkent City va Seoul Mun kiradi. Toshkentda strit riteyl bozori ko‘chalardan klasterlarga o‘tish bosqichida bo‘lib, mahalliy klasterlar parklar, bozorlar, metro, yangi turar joy yoki ko‘p funksiyali majmualar atrofida shakllanmoqda.

CMWP Uzbekistan ekspertlari ta’kidlashicha, iste’molchi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, odam “manzil”ga emas, balki ko‘proq vaqt o‘tkazish, uchrashuv belgilash yoki sayr qilish imkonini beruvchi ekotizimga qaytishga intiladi. Bu yerda muhit va infratuzilmaning qulayligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bozor ortiqcha to‘lib ketmagan, ammo bo‘sh ham emas. Klasterlar bo‘yicha bo‘sh turgan binolar ulushi (vakansiya) tahlilchilar tomonidan “ishchi daraja” deb baholangan (ochiq obyektlar bo‘yicha 13,3%), biroq u noteng taqsimlangan. Masalan, Shota Rustaveli va S-1 kabi juda past vakansiyaga ega hududlar bor, shuningdek Seoul Mun kabi juda yuqori vakansiyaga ega hududlar ham mavjud.

Tadqiqotga ko‘ra, poytaxtdagi strit riteylda asosiy ulush umumiy ovqatlanish sohasiga to‘g‘ri keladi. Uning ulushi barcha klasterlar bo‘yicha 28 foizni tashkil etadi, bunda ko‘rsatkich 12 foizdan 65 foizgacha o‘zgarib turadi. Kiyim va poyabzal do‘konlari 10,3 foiz, dorixonalar va sog‘liq uchun tovarlar — 7 foiz, kosmetika va parfyumeriya esa 4,5 foizni tashkil etadi. Tahlilchilar qayd etishicha, umumiy ovqatlanish obyektlari asosan ko‘chalar piyodalar uchun qulay tarzda obodlashtirilgan klasterlarda joylashgan.

Xulosalar va tavsiyalar qismida tadqiqot shahardagi strit riteyl ko‘rsatkichlari shahar muhitining sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Ko‘chalarni rekonstruksiya qilish va ularni piyodalar ehtiyojlariga moslashtirish bo‘sh turgan binolar sonining kamayishiga olib keladi. CMWP Uzbekistan mutaxassislari Shota Rustaveli va O‘zbekiston ovozi ko‘chalarini rekonstruksiya qilish ijobiy samara berganini ta’kidlaydi: vakansiya kamaymoqda, lokatsiya piyodalar uchun jozibador bo‘lmoqda va bu uni strit riteyl biznesi uchun auditoriyani jalb etuvchi nuqtaga aylantirmoqda. Rivojlangan lokatsiyalarda (S-1, Shota Rustaveli) mulkdorlarga ijarachilar konsepsiyasi va vitrinalar sifatiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish tavsiya etiladi.

Source: www.gazeta.uz