Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sportning nafaqat sog‘lomlashtirish, balki daromad keltiradigan to‘laqonli iqtisodiyot tarmog‘iga aylanishi kerakligini ta’kidladi. U futbol bo‘yicha milliy chempionat o‘yinlarini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdi va ayrim o‘yinlar ish vaqtida o‘tkazilayotgani sababli muxlislar tashrifi kutilgan darajada emasligini aytdi.

Mas’ul shaxslarga O‘zbekiston Superligasining o‘yinlar vaqtini dam olish kunlari yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilash, stadionlar atrofida qo‘shimcha xizmatlar, musiqiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish, shuningdek, muxlislar uchun qulay transport qatnovini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bundan tashqari, arzon futbol turpaketlarini taklif etish orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish reja qilinmoqda.

Yig‘ilishda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti ta’mirtalab ahvolda bo‘lgani sababli to‘liq ishlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan O‘zbekistonda futbol klublarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetidan moliyalashtirish modeli joriy etilmoqda. 2026-yilda jamoalar 560 mlrd so‘m — har biri 35 mlrd so‘mdan mablag‘ oladi. Shuningdek, ular uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bekor qilinadi, ijtimoiy soliq stavkasi esa 1% ni tashkil etadi. Klubni sotib olish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Source: www.gazeta.uz