O‘zbekiston Respublikasi Senati 7-aprel kuni “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Ushbu qonun Prezidentning 2025-yil PF-217-sonli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ekologik qonunbuzarliklarga nisbatan jazolarni sezilarli darajada oshirishni nazarda tutadi.
Senatning Yalpi majlisida senator Anvar Tuychiyev muhim bayonot berdi. U hozirgi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan ma’muriy va jinoiy sanksiyalar miqdori sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda kelib chiqadigan oqibat miqdoriga nisbatan mutanosib emasligini ta’kidladi. Tuychiyevning ta’kidlashicha, atrof-muhitni ifloslantirish bilan bog‘liq ayrim turdagi ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun javobgarlik faqatgina past miqdorli ma’muriy sanksiyalar bilan chegaralangan, bu esa ularning tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini yo‘qotishiga olib kelmoqda.
Senator misollar keltirib, daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini ruxsatsiz bajarganlik uchun 20 million so‘mdan 41 million so‘mgacha jarima belgilangan bo‘lsa-da, 2025-yilda bunday ishlar qasddan davom ettirilib, 300 ga yaqin holat aniqlanganligini aytdi. Bundan tashqari, u ifloslantiruvchi moddalarni normativdan ortiqcha atmosfera havosiga chiqarib tashlayotgan korxonalar ijro etuvchi organiga qo‘llanilgan 2,8 million so‘m jarimani to‘lab, faoliyatini davom ettirishini, bu esa ko‘plab sanoat va qurilish korxonalarida “jarimani to‘lash arzonga tushadi” degan fikr shakllanishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.
Tuychiyev, shuningdek, hududlardagi ayrim issiqxonalarda ishlatilib bo‘lingan shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi kabi chiqindilarni yoqish holatlari mavjudligini ma’lum qildi. Bunday chiqindilarni yoqish oqibatida atmosfera havosi jiddiy ravishda ifloslanib bormoqda, bu esa yangi qonun bilan bartaraf etilishi kerak bo‘lgan muammolardan biridir.
Taklif etilayotgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga hamda 2 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun yangi moddalar (54−61-moddalar) bilan to‘ldirilib, unda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda. Moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan ayni bir huquqbuzarlik uchun qayta ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) yangi qismlar bilan to‘ldirilib, yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda yoki qurilmalarda yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish, shuningdek, issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilg‘i sifatida shina, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina va boshqa shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bunda, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 25 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaniladi, takroran sodir etilsa esa fuqarolarga 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 70 baravarigacha jarimaga tortilishi belgilanmoqda.
Source: www.gazeta.uz