O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiylari 2026-yilning sentabr oyida “Jibek Joli” (O‘zbekiston tomonida “G‘ishtko‘prik” nomi bilan mashhur) nazorat-o‘tkazish punktini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda asosiy e’tibor ikki mamlakat o‘rtasidagi avtomobil va temiryo‘l o‘tkazish punktlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Jumangarin ta’kidlashicha, “Jibek Joli” o‘tkazish punkti joriy yilning sentabr oyida ishga tushiriladi va uning o‘tkazuvchanlik qobiliyati sutkasiga 70 ming kishini (ilgari 30 ming edi) va 2000 dan ortiq yengil avtomobilni tashkil etadi. Ushbu punkt 2025-yilning 5-fevralida kapital qurilish va rekonstruksiya ishlari uchun to‘rt oyga yopilgandi, ammo bu muddat bir necha bor surildi; umuman olganda, rekonstruksiya ishlari 2022-yildan buyon davom etmoqda. Ta’mirlash vaqtida piyodalar, yuk transporti va temiryo‘l qatnovi uchun muqobil yo‘nalishlar belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston “Darbaza — Maqtaaral” yangi temiryo‘l liniyasi qurilishini yakunlashni rejalashtirmoqda. Jumangarinning aytishicha, bu yil tovar aylanmasiga qo‘shimcha 20 million tonna yuk qo‘shadigan ushbu liniya qurilishi yakunlanadi, natijada “Maqtaaral — Sirdaryo” stansiyasi to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi. Qurilish 2023-yil noyabr oyi oxirida boshlangan va liniyaning uzunligi 152 kmni tashkil etadi.
Qozog‘iston tomonining ma’lum qilishicha, qiymati 545 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha yuklarni amaldagi “Sariag‘ash — Toshkent” uchastkasidan boshqa yo‘nalishga yo‘naltirish, “Sariag‘ash” stansiyasiga tushadigan yukni kamaytirish va O‘zbekiston yo‘nalishidagi eksport tashuvlarini ko‘paytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, ushbu infratuzilma negizida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi (XSKM) qurilishi ham davom etmoqda, u qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari uchun hab vazifasini o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, 11-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoroda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashgan edi. Tomonlar chegaraoldi hududlarda “Toza havo” loyihasini birgalikda ilgari surish, suv resurslaridan oqilona foydalanish ustida ishlashga kelishib olgan, shuningdek, tashqi bozorlarga samarali chiqish uchun chegara infratuzilmasini birgalikda modernizatsiya qilish niyatida.
Source: www.gazeta.uz