Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida taniqli estrada xonandasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda san’at va madaniyat sohasining yetakchi namoyandalari, davlat arboblari, ijodkor ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Prezident Zokirovni ushbu muhim sana bilan chin qalbdan tabriklab, unga sog‘lik, oilaviy baxt va yangi ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi.
Marosimda Zokirovlar sulolasining O‘zbekiston milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atiga qo‘shgan beqiyos hissasi alohida ta’kidlandi. Karim Zokirov asos solgan san’at maktabi va Botir Zokirovning boy ijodiy merosi xalqning ma’naviy boyligi sifatida qadrlanayotgani e’lon qilindi. Farrux Zokirov nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo, Hamdo‘stlik davlatlari va turkiy xalqlarning sevimli san’atkori sifatida tanilganligi, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va Rossiyaning bir qancha respublikalarida xalq artisti unvonlariga sazovor bo‘lgani qayd etildi.
Tadbirda “Yalla” ansamblining uzoq yillik faol a’zolari Javlon To‘xtayev, Abbos Aliyev, Temur Xalikov va Igor Xalikovning ijodiy faoliyati ham e’tirof etildi. Shuningdek, Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi berilishi e’lon qilindi. Ushbu maktabda “Yalla” bolalar ansambli, yoshlar ijodiy laboratoriyasi, zamonaviy ovoz va video yozish studiyasi tashkil etilishi, shuningdek, “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha sinflar ochilishi rejalashtirilgan.
Maktabda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun ixtisoslashgan san’at muassasalariga kirishda imtiyozlar yaratiladi, har yili respublika bo‘ylab iqtidorli bolalar bu yerda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Budjet hisobidan ular nufuzli xalqaro tanlovlarga yuborilib, rag‘batlantiriladi. Ushbu ta’lim maskani Zokirovlar sulolasining ijodiy merosini kelajak avlodga yetkazishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Tantanali marosimning yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Farrux Zokirovga milliy san’at va madaniyatni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini topshirdi. Bu mukofot san’atkorning uzoq yillik samarali faoliyatini yuqori baholash ramzi sifatida qabul qilindi.
Source: www.gazeta.uz