Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanishi haqida ma’lum qilindi. Bu qaror urush faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va ularning xotirasini abadiylashtirish siyosatining amaliy namunasidir.

Yig‘ilishda, shuningdek, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, zaxira va zahira ofitserlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9-mayga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Prezidentga harbiy tayyorgarlik va jangovar tayyorgarlikni oshirish, shaxsiy tarkib uchun yangi ta’lim va kasbiy o‘qitish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hisoboti taqdim etildi.

Maxsus e’tibor harbiy qismlarda muntazam ravishda kompleks strategik va qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari, yig‘inlar, dala chiqishlari va o‘quv kurslarini o‘tkazishga qaratilgan. Shaxsiy tarkibda jangovar vaziyatda qo‘rquv va his-tuyg‘ularni boshqarish qobiliyati, qat’iy harakat qilish gobiliyati kabi muhim jangovar fazilatlarni shakllantirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilini hisobga olgan holda, barcha mashg‘ulotlar va mashqlarda jang olib borishning yangi usullari va shakllari o‘zlashtirilmoqda, bo‘linmalarning harakatchanligi, jangovar imkoniyatlari va mustaqil ravishda belgilangan vazifalarni bajarish qobiliyatini oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

9-may kuni nafaqat urush ishtirokchilari, balki mehnat faxriylari, katta avlod va ustozlarga ham alohida e’tibor va hurmat ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obod qilish, turli xotira va tantanali tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat vazifasini bajarayotganda halok bo‘lgan Vatanning sadoqatli farzandlarining xotirasi abadiylashtiriladi, ularning oilalariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.

Source: kun.uz