O‘zbekistonning Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Golden House Property Group MCHJ faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlarni o‘rganmoqda. Idora matbuot xizmati xabar berishicha, 2025-yil va 2026-yilning birinchi choragi davomida kompaniya ustidan jami 74 ta shikoyat kelib tushgan, ulardan 54 tasi ijobiy hal etilgan.
Nizolarning aksariyati o‘zaro kelishuv bitimi yoki sudgacha mediatsiya yo‘li bilan yechilgan, natijada iste’molchilar foydasiga jami 1 mlrd 128,6 mln so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan. 2025-yil davomida 40 nafar fuqaro murojaat qoldirgan bo‘lib, ularning 35 tasi (87 foizi) ijobiy hal etilgan, shundan 31 tasi quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimi imzolanishi orqali hal etilgan.
2026-yilning birinchi choragida 34 nafar fuqarodan murojaat tushgan bo‘lib, hozirda qo‘mita choralar ko‘rmoqda. Idora qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham aynan yuqoridagi qurilish korxonasi va umuman, bu sohada murojaatlar ortayotgani bir necha bor muhokamalar qilinmoqda.
Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan jami murojaatlar soni yildan-yilga keskin oshmoqda: 2023-yil 19 mingta, 2024-yil 28 mingta, 2025-yil 54 mingta. Idora bayonotida: “Bu tadbirkorlik subyektlari tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga yetarlicha amal qilinmasdan tovar va ish xizmatlari ko‘rsatilayotganligi va sohada mavjud muammolar borligidan dalolat bermoqda”, deyilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qo‘mita barcha quruvchi korxonalarni iste’molchilar bilan shartnoma tuzishda qurilishni bitkazish imkoniyatlaridan kelib chiqib oqilona va aniq muddatlarini belgilashga, iste’molchilarga qonunchilikda berilgan imtiyoz va huquqlarni cheklamaslik choralarini ko‘rishlarini so‘radi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 65-moddasiga muvofiq, davlat tadbirkorlik erkinligini kafolatlasa-da, bunda iste’molchilar huquqlarining ustuvorligi hisobga olinishi lozimligi eslatib o‘tildi.
Source: www.gazeta.uz