Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) poytaxtda savdo va servis obyektlari huzuridagi xususiy avtoturargohlarni shahar boshqaruvining yagona tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha tajriba loyihasini boshladi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashabbus “piyodalar uchun qulaylikni yaxshilash va avtotransportdan xoli hududlarga ustuvorlik berish”, shuningdek, “barqaror va oldindan bilish mumkin bo‘lgan shahar tartibini shakllantirishga” qaratilgan.

Loyiha asosida piyodalar uchun xavfsiz va qulay shahar muhitiga ustuvorlik berish hamda avtoturargoh maydonini tizimli ravishda tartibga solish yotadi. YHTEM xabarida ta’kidlanishicha, odamlar gavjum obyektlar yaqinidagi tartibsiz avtoturargohlar asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda: avtomobillar piyodalar yo‘laklarida, o‘tish yo‘llari bo‘ylab va binolarga kirish qismlarida qo‘yilib, bu o‘tish yo‘llarining torayishiga, ko‘rishning cheklanishiga va xavfsizlik darajasining pasayishiga olib keladi.

Barcha avtoturargohlarni yagona tizimga ulash “avtoturargoh o‘rinlarining shaffof hisobini yuritish, ularning bandligini nazorat qilish va foydalanishning tushunarli tizimini shakllantirish” imkonini berishi kutilmoqda. To‘liq hisobga olish orqali tushadigan qo‘shimcha mablag‘lar avtoturargohlar joylashgan tumanlarda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Loyiha samaradorligi baholanib, jamoatchilik muhokamasidan so‘ng uning ko‘lamini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

YHTEM mutaxassislarining tahlillariga ko‘ra, shahar faolligi yuqori bo‘lgan hududlarda avtomobillarning 20−30 foizi qoidabuzarlik bilan to‘xtaydi. Bunda piyodalar yo‘laklari qisman transport vositalari va boshqa to‘siqlar bilan band bo‘lib, bu ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 40−60 foizgacha pasaytirishi mumkin. Tirband hududlarda transport oqimining 30 foizgacha, ayrim joylarda esa 40 foizgacha qismi to‘xtash joyini izlash hisobiga yuzaga keladi.

YHTEM xabarida jahon tajribasiga havola qilinib, avtoturargoh maydonini raqamli va markazlashtirilgan tarzda boshqarish samarali ekani ta’kidlanadi. Mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra, yagona raqamli tizimlar to‘xtash joyini izlash vaqtini 43 foizgacha, bosib o‘tilgan masofani esa 30 foizga qisqartirish imkonini beradi. Buni, xususan, San-Fransiskodagi SFpark dasturi ham tasdiqlaydi. Moskvada xuddi shunday yondashuv avtoturargoh qoidabuzarliklari sonini 64 foizga kamaytirish, pullik to‘xtash joylari hududlarida o‘rtacha harakat tezligini soatiga 56 km gacha oshirish imkonini bergan. Tizimdan tushgan mablag‘lar esa tegishli tumanlardagi hovli va ko‘chalarni obodonlashtirishga yo‘naltirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Gazeta avvalroq poytaxt hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev bilan YHTEM faoliyati va uning oldida turgan muammolar haqida intervyu e’lon qilgan edi.

Source: www.gazeta.uz