Dushanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi loyihasi taqdim etildi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, bu mamlakatda yoshlarga oid birinchi yaxlit strategiya bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarning o‘rni va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Aholining 38 million nafaridan 9,5 millioni yoki qariyb 25 foizi 14–30 yoshdagi yigit-qizlardan iborat bo‘lib, har yili 270 ming yosh oila shakllanmoqda. Bu demografik omil yoshlar siyosatiga uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etadi.
Strategiyada yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv ta’limni rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy ta’limni kengaytirish, mehnat bozorini rag‘batlantirish hamda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Madaniy, jismoniy va ma’rifiy rivojlanishni kuchaytirish, volontyorlik harakatini keng yoyish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ochiqlik va ishtirok mexanizmlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Taqdimotda 2030-yilga qadar har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash, 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish va yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish kabi vazifalar nazarda tutilgan. Har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan, bunda kreditning Markaziy bank stavkasi yuqori qismi qoplab beriladi.
Olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etishga 300 million so‘mgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va o‘qituvchilarining daromad solig‘ini 1 foiz etib belgilash taklif etildi. B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilinmoqda.
Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamg‘armasidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish reja qilingan. Kitob va book kafelar joylashgan “Yoshlar ko‘chalari”ni tashkil qilish, yoshlar infratuzilmasining minimal standartlarini belgilash va har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olish rejalashtirilgan.
Strategiyada yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik ko‘mak tizimini kuchaytirish masalalari ham o‘z aksini topgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish, tunu kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.
Yoshlar siyosatida ochiq muloqot va obyektiv tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlarning ehtiyojlari va kutilmalari yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi, har payshanba yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazib boriladi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Shu maqsadda xalqaro forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti, Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yo‘lga qo‘yilishi, 12-avgust — Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar o‘tkazilishi, 100 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro dasturlarda ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, BMT, Jahon banki, YeTTB kabi tuzilmalar bilan Junior Professional Officer dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Strategiyani 2026–2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni o‘qitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi. Respublika bo‘yicha “O‘zbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, Hayot fest yoshlar festivali, Talaba Fest va Talaba Expo 2026 kabi tadbirlar o‘tkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.
Source: www.gazeta.uz