Prezident tomonidan imzolangan “MChJ to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri (№PZ–1137, 21.04.2026) uch oydan so‘ng kuchga kiradi. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etadi.
Yangi qonun 71 moddadan iborat bo‘lib, MChJ ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytiradi va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etadi. Uni ishlab chiqishda mahalliy va xorijiy ekspertlarning fikrlari, shuningdek, ilg‘or davlatlar tajribasi hisobga olingan.
Asosiy yangiliklar qatorida fidyutsiar majburiyatlar tushunchasi kiritilgan. Bu bir shaxs (fidyutsiar)ning boshqa shaxs (benefitsiar) manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yib, faqat uning manfaati uchun harakat qilishini anglatadi.
Shuningdek, kuzatuv kengashining vakolatlari kengaytirilgan va litsenziyasiz amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ko‘paytirilgan. Yangi tahrir korporativ boshqaruvning zamonaviy standartlariga moslashtirilgan.
Source: kun.uz