O‘zbekiston bo‘yicha jami 259 636 ta sinfning 13 500 tasida 35 nafardan ziyod bola ta’lim olayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati xabar berdi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimovning ta’kidlashicha, muammoni hal qilish uchun mavjud maktablarga qo‘shimcha binolar qurish va yangi maktablar barpo etish taklifi doimiy ravishda ilgari surilmoqda. Shu orqali o‘quvchilar soni 35 nafardan yuqori bo‘lgan sinflarni qisqartirish rejalashtirilgan.
Karimovning aytishicha, vazirlik har yili yangi qurilayotgan massivlarda bir xonadonga 1,5 o‘quvchi o‘rni hisobiga maktab qurish taklifini beradi. Misol tariqasida Samarqand shahridagi Qorasuv massivida maktablar uchun bo‘sh joylar ajratilgani va aholining ko‘chish tendensiyasidan kelib chiqib, yangi maktablar qurilayotgani keltirildi.
Vazir o‘rinbosari, shuningdek, har bir bo‘sh joyga bino qurish mumkin emasligini, chunki favqulodda holatlarda o‘quvchilarni evakuatsiya qilish uchun maydon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uzoq muddatli reja – har bir maktabni bir smenada ishlashga o‘tkazish, shundan keyin tushlikdan so‘ng turli fan va sport to‘garaklari tashkil etilishi mumkin.
Vazir o‘rinbosari Temur Komilovning ma’lum qilishicha, hozirda barcha moliyaviy manbalar hisobidan respublika bo‘yicha yiliga 200 mingta qo‘shimcha o‘rin yaratilmoqda. Biroq maktablarning bir smenada to‘liq ishlashi uchun kamida 850 mingta qo‘shimcha quvvat yetishmaydi. Bitta sinfni shakllantirish xarajati 120 million so‘mdan 160 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin.
Komilovning qo‘shimcha qilishicha, uzoq yillar davomida to‘liq ta’mirlanmagan va “qizil ro‘yxat”ga kiritilgan 934 ta maktab mavjud bo‘lib, ulardagi umumiy quvvat 669 mingni tashkil etadi. Shuningdek, faollar va sport zallari bo‘lmagan maktablar soni 1900 dan oshiq, ularning quvvati 800 mingta. 263 ta massivda yangi maktablar qurish zarur.
Hozirgi kunda maktab filiallari soni 1197 tani tashkil etadi. 2020–2022-yillarda loy-paxsadan qurilgan 629 ta maktab filiali davlat budjeti hisobidan zamonaviy qiyofaga keltirilgan. Biroq filiallarni butunlay yo‘qotish imkoni yo‘q, chunki kuz-qish mavsumida ota-onalar talabi bilan boshlang‘ich sinflar filiallarda faoliyat yuritadi.
Source: www.gazeta.uz