Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni hudud va tarmoqlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda davlat rahbari asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha aniq natijalarni ta’minlashni talab qildi va ularning ijrosi uchun shaxsiy javobgarlik haqida ogohlantirdi.
“O‘zbekiston 24” telekanalining xabar berishicha, odatda bu kabi uchrashuvlarda hududlardan turib masofaviy tarzda ishtirok etadigan viloyat hokimlari va soha rahbarlari bu gal poytaxtga yig‘ildi. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov uchrashuv formati davlat rahbari oldida shaxsan hisobot berish zarurati tufayli o‘zgartirilganini ta’kidladi: “Bunday yig‘ilishlarda biz viloyatning o‘zida turib qatnashardik. Bu safar boshqacharoq bo‘lyapti. Sababiki, shaxsan hurmatli prezidentimiz oldida, ko‘z-ko‘zga tushib raqamlarni belgilaymiz, hisobot beramiz. Bu yerda mas’uliyat va javobgarligimizni his qilgan holda kafolat bilan qaytamiz”.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli barcha tarmoq rahbarlari ham zalda hozir bo‘lgan. Har bir ko‘rsatkich bo‘yicha nafaqat raqamlar, balki ularga erishishning aniq mexanizmlari talab qilingan. Prezident stolidagi tayyorlab qo‘yilgan hujjatlar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari yarim yillik hamda yil yakuniga qadar aniq vazifalarni bajarish majburiyatini olgan kafolat xatlari alohida e’tiborni tortdi.
Davlat rahbari mutasaddilarni xotirjamlikka berilmaslik bo‘yicha jiddiy ogohlantirdi: “Zamon, iqtisodiyot va odamlar talabi kun sayin ortib boryapti. Yilning uchdan bir qismi o‘tib bo‘ldi. Afsuski, ayrimlar hali uyg‘ongani yo‘q, mudrab o‘tiribdi. Kim qanday ishlayapti, qanday nafas olyapti, kim quruq kresloni egallab, islohotlar ijrosini cho‘zyapti — hammasini ko‘rib, bilib turibman. Lekin arqonni uzun tashlab qo‘yyapman”. “Kimda-kim hotirjamlikka berilsa, xato qiladi. Sizlarni chaqirganim shundaki, bir narsani bilinglar, takror-takror aytaman: zamonga munosib harakat qilganimiz uchun dunyo hamjamiyati O‘zbekistonning bayrog‘ini, xalqini taniy boshladi. Bu balandparvoz gap emas. Bugun majlisning maqsad-muddaosi: sizlar — bu yerda va viloyatda o‘tirgan har bir rahbar mas’uliyat va javobgarlikka tortadimi yoki yo‘qmi?”, — deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilish davomida hokimlarga energetika, transport, turizm, sanoat va investitsiyalardan tortib, inflyatsiyani jilovlash hamda iste’mol savatidagi mahsulotlar narxini barqarorlashtirishgacha bo‘lgan keng masshtabli yo‘nalishlar bo‘yicha natijadorlikni ta’minlash topshirildi. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hudud asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha aniq majburiyatlarni o‘z zimmasiga olganini ma’lum qildi: “Joriy yil yakuniga qadar yalpi hududiy mahsulot o‘sishini 9,2%, sanoat o‘sishini esa 9% darajasida ta’minlash bo‘yicha majburiyat oldik. Bundan tashqari, kambag‘allik va ishsizlik darajasi 2% dan, inflyatsiya esa 6,5% dan oshib ketmasligini ta’minlash choralarini belgilab oldik”.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, o‘z navbatida, hozirgi murakkab sharoitda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifaga aylanganini qayd etdi: “Eng asosiysi — hozirgi murakkab sharoitda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Agar o‘tgan yili viloyatga 2,7 mlrd dollar investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkichni 4,3 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz”. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududda eksport hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish va yangi bozorlarga chiqish, shuningdek, biznes va investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7% ga o‘sdi, deya ma’lum qildi prezident. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning qayd etishicha, islohotlarning yangi bosqichi boshlanganidan buyon biror marta birinchi chorakdagi o‘sish 7% dan oshmagan edi. “Ishlamay, quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan „bitta poyezdda ketyapti“”, — dedi davlat rahbari. Shu bilan birga, prezident ogohlantirganidek, agar inflyatsiya tezlashishda davom etsa, iqtisodiy o‘sish aholi va biznes uchun sezilarli samara bermaydi. U mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirish, go‘sht importini kengaytirish va logistikadagi uzilishlarni bartaraf etish hisobiga narxlar o‘sishini 6,5% doirasida ushlab turishni topshirdi.
Source: www.gazeta.uz