Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi 27 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Uchrashuvda Araqchi Eron va AQSh o‘rtasidagi diplomatik jarayonni sekinlashtiruvchi omillarni sanab o‘tdi.

Eron TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Araqchi AQShning “buzg‘unchi tendensiyalari, asossiz talablar, pozitsiyalarning tez-tez o‘zgarishi, tahdidli ritorika va majburiyatlarni doimiy ravishda buzishi” diplomatik rivojlanishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.

Vazir, shuningdek, Tehron AQShning sanksiyalar va iqtisodiy bosimga moyilligi, shuningdek, Eron savdo kemalariga qarshi davom etayotgan “dengiz qaroqchiligi”ni hisobga olgan holda, muzokaralarni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilishini bildirdi.

Araqchi “ba’zi davlatlarning AQSh huquqbuzarliklari va tajovuziga ko‘z yumishi, shuningdek, ularning ikki tomonlama standartlari butun xalqaro hamjamiyatga ta’sir ko‘rsatayotgani”ni qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, 8 apreldan boshlab AQSh va Eron o‘rtasida sulh o‘rnatilgan. AQSh prezidenti Donald Tramp bu sulhni Tehron tinchlik taklifini taqdim etmaguncha va muzokaralar “u yoki bu tarzda” yakunlanmaguncha uzaytirdi. Biroq AQSH 11 apreldagi muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz blokadasini saqlab qoldi.

Ikkinchi raund muzokaralari 22 aprel kuni Islomobodda rejalashtirilgan edi, biroq Tehron delegatsiyani yubormadi, chunki uchrashuvni istiqbolsiz deb hisobladi. Tramp, shuningdek, maxsus elchi Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Islomobodga tashrifini bekor qildi.

Source: kun.uz