Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kolumbiya hukumati yillar davomida muammo keltirgan begemotlar populyatsiyasini nazorat qilish uchun 80 ga yaqin hayvonni otib tashlashga qaror qildi. Bu begemotlar afsonaviy narkobaron Pablo Eskobarga tegishli bo‘lgan.

Osiyoning eng boy odami Mukesh Ambanining o‘g‘li Anant Ambani ushbu hayvonlarni Hindistonning Gujarat shtatidagi shaxsiy Vantara hayvonot bog‘ida qabul qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Bog‘ rahbari Kolumbiya atrof-muhit vaziriga yo‘llagan maktubida ularni “umrbod parvarish” qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidlagan.

Maktubda “bu taklifning asosida Vantaraning har bir hayot muhim degan e’tiqodi va hayotni iloji boricha himoya qilish mas’uliyati yotadi” deyilgan. Biroq Kolumbiya rasmiylari bu taklifga hali izoh bermagan.

Eskobar 1993-yilda politsiya tomonidan o‘ldirilganidan so‘ng, uning begemotlari tabiatga qo‘yib yuborilgan va ular Magdalena daryosi havzasida ko‘payib ketgan. Ularning soni Afrika qit’asidan tashqaridagi eng yirik podaga aylangan.

Kolumbiyalik ekologlarning fikricha, begemotlar invaziv tur bo‘lib, mahalliy faunani siqib chiqarmoqda. Baliqchilar esa bu ulkan hayvonlarning hujumlaridan aziyat chekmoqda. Vantara bog‘i 2000 turdagi hayvonlarni o‘z ichiga oladi va 3500 akr maydonda joylashgan.

Source: www.bbc.com