O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, dastlabki ikki o‘n yillikda sust kechgan aloqalar so‘nggi yillarda jadallashdi. Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning 29-30 aprel kunlari Toshkentga kutilayotgan rasmiy tashrifi munosabati bilan ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari tahlil qilindi.
Siyosiy muloqot tarixi 1997-yilda O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning Chexiyaga tashrifi bilan boshlangan. Keyingi yillarda yuqori darajadagi tashriflar davom etgan bo‘lsa-da, 2014-yilda Karimov inson huquqlari tanqidlari sababli Pragaga rejalashtirilgan safarini bekor qilgan. Bu holat o‘sha davrda O‘zbekiston va G‘arb o‘rtasidagi cheklangan hamkorlikni aks ettiradi.
2023-yilda Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Toshkentga tashrif buyurgan, o‘sha yilning oktabrida esa O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Pragada bo‘lgan. 2024-yilda Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy O‘zbekistonga kelgan, 2025-yilda esa ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Petr Pavel BMT Bosh assambleyasi doirasida uchrashgan.
Iqtisodiy hamkorlik so‘nggi yillarda dinamik rivojlanmoqda. 2023-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Škoda kompaniyasi 320 million yevrolik 30 ta elektropoyezd yetkazib berish shartnomasini imzolagan. Uzbekistan Airways esa ichki reyslar uchun Chexiyaning LET L-410 samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 36 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Škoda Transportation elektropoyezdlarni yig‘ish va Toshkentda Škoda Academy ochishni rejalashtirmoqda. Chexiya, shuningdek, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash texnologiyalari, suv resurslarini boshqarish va mudofaa sanoati sohalarida hamkorlikni taklif etmoqda.
Har yili Chexiya O‘zbekiston fuqarolari uchun 150 ta ish vizasi kvotasini ajratadi. Chexiyada 3000 ga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. Ta’lim sohasida esa o‘zbekistonlik talabalar soni ikki barobarga oshib, 650-700 nafarga yetgan. Chexiya davlat stipendiya dasturi bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish imkonini beradi.
Ilmiy hamkorlik doirasida Termiz davlat universiteti va Karlov universiteti arxeologik ekspeditsiyasi 2003-yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Chexiya geologiya xizmati O‘zbekiston Milliy universiteti bilan birgalikda oltin va mis konlarida platina guruhi metallari salohiyatini baholash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazgan.
Source: www.gazeta.uz