Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Regulyator boshqaruvining 30-martdagi tegishli qarori Adliya vazirligi tomonidan 22-aprel kuni ro‘yxatdan o‘tkazilib, rasman e’lon qilingach, kuchga kirdi.

Yangi me’yorlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun valyuta operatsiyalari bilan bog‘liq imkoniyatlar kengaytirildi: endi ular, fuqaroligidan qat’i nazar, bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy maqsadlarda (nosavdo tusdagi) pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin.

Shuningdek, xorijiy fuqarolarga mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ kiritish, xayriya va meros bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarini o‘tkazishga ruxsat etildi.

Biznes uchun ham yengilliklar ko‘zda tutilgan. Xususan, endi yuridik shaxslardan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlar uchun xorijiy valyuta sotib olishda ortiqcha hujjatlar talab qilinmaydi — ularning chiqarilganini tasdiqlashning o‘zi kifoya.

Xorijiy investorlar birjada aksiyalarni sotishdan olingan mablag‘larni olib chiqish (repatriatsiya qilish), dividendlar, foizlar (kuponlar) to‘lash yoki obligatsiyalarni so‘ndirish uchun valyuta sotib olishlari mumkin. Jarayon maksimal darajada soddalashtirildi — endi bu investorning arizasi asosida amalga oshiriladi.

Qoidalarning 24-bandiga qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, mijoz valyuta sotib olish uchun xato bilan rasmiylashtirilgan arizaga “texnik tuzatishlar” kiritishi mumkin. Ilgari bunday arizalar bank tomonidan tezkor tuzatish huquqisiz rad etilishi mumkin edi.

Moliyaviy vositalar bilan bog‘liq operatsiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, banklar va MB Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasining (ISDA) xalqaro standartlari yoki valyuta birjasi qoidalari asosida valyuta svoplari va derivativ operatsiyalarini o‘tkazishi mumkin.

Mijozlarning hisobvaraqlaridan naqd xorijiy valyuta berish tartibiga aniqlik kiritildi: Banklarga biroz shikastlangan (teshik, dog‘, siyqalangan) banknotlarni qayta muomalaga chiqarishni taqiqlovchi yangi band qo‘shildi. Bunday kupyuralar boshqa mijozlarga qayta berilmasdan, keyinchalik inkassatsiya qilish/almashtirish uchun bank tomonidan muomaladan olinishi lozim.

Qoidalarda MBning “Valyuta operatsiyalari hisobi” (FERUz) axborot tizimidan foydalanish tartibi belgilandi. Banklar barcha valyuta oldi-sotdi operatsiyalari, jumladan, svoplar va derivativlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ushbu tizimga real vaqt rejimida kiritib borishi shart.

Source: www.gazeta.uz