O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilangan rasmiy dollar kursi aprel oyida 235,92 so‘mga pasayib, 12 210,71 so‘mdan 11 974,79 so‘mga tushdi. Bu 1,93 foizlik pasayishni anglatadi.
Aprel oyidagi 22 savdo sessiyasining 9 tasida dollar so‘mga nisbatan mustahkamlangan bo‘lsa, 13 tasida zaiflashgan. Eng past kurs 30 aprelda qayd etilgan (11 974 so‘m), eng yuqori kurs esa 9 aprelda (12 228 so‘m) kuzatilgan.
Mart oyi oxirida banklar dollarni 12 215 so‘mdan sotgan bo‘lsa, 30 aprelda eng yaxshi sotish kursi 11 990 so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolbaevning ta’kidlashicha, tanlab olingan 39 valyutadan faqat uchtasi dollarga nisbatan qadrsizlangan. Eng kuchli o‘sishni rossiya rubli (8,1 foiz), qozog‘iston tengesi (5,1 foiz) va xitoy yuani (1 foiz) ko‘rsatgan. Yirik valyutalardan yevro (1,6 foiz), funt sterling (2 foiz), frank (1,4 foiz) va iyena (0,2 foiz) mustahkamlangan.
«So‘mning aprel oyidagi mustahkamlanishi qimmatli qog‘ozlarning joylashtirilishi (1 milliard dollar ekvivalentida), asosiy mehnat bozorlaridagi valyutalarning mustahkamlanishi va oltin bo‘lmagan eksportning yuqori o‘sishi (birinchi chorakda 25 foiz) bilan izohlanadi», — dedi iqtisodchi.
So‘mning apreldagi o‘zgaruvchanligi kuniga 0,24 foizni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 33 foizga yuqori bo‘lsa-da, 2025 yil may-sentyabr oylari ko‘rsatkichlaridan ancha past.
Source: kun.uz