Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Davlat departamenti mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan prezident Donald Tramp portreti tushirilgan cheklangan seriyadagi pasportlarni chiqaradi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Yangi pasportlarning muqovasining ichki tomonida Tramp tasviri, atrofida AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi matni va davlat bayrog‘i joylashgan. Pastroqda esa prezidentning imzosi ko‘rsatilgan. Boshqa bir sahifada deklaratsiyani imzolayotgan AQSh asoschi-otalari tasvirlangan.

Ushbu pasportlar “America250” bayram dasturining bir qismi bo‘lib, dastur tarkibiga Milliy alle yaqinidagi Gran-pri poygasi va Oq uy maysazoridagi UFC jangi ham kiritilgan. Davlat departamenti vakili Tommi Pigottning so‘zlariga ko‘ra, maxsus dizayndagi pasportlar “AQSh pasportini dunyodagi eng himoyalangan hujjatga aylantiruvchi xavfsizlik funksiyalarini” o‘z ichiga oladi.

Hujjat dizayni ham o‘zgartiriladi: muqovadagi “United States of America” yozuvi kattalashtiriladi, orqa tomonida esa “250” raqami tushirilgan bayroq tasviri paydo bo‘ladi. Davlat departamenti yangi pasportlar faqat Vashingtondagi pasport agentligi orqali berilishini va pasport olish uchun ariza topshirgan har qanday AQSh fuqarosi uchun ochiq ekanligini ta’kidladi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati 2025-yil boshida Oq uyga qaytganidan beri Vashingtondagi bir qator binolar, harbiy-dengiz kemalarining yangi klassi, badavlat xorijliklar uchun viza dasturi, retsept bo‘yicha dori vositalari sotiladigan davlat sayti va bolalar uchun federal jamg‘arma hisobvaraqlariga uning nomi berilgan. Bu esa Trampning o‘z nomini turli davlat obyektlari va dasturlariga berish amaliyotini davom ettirayotganidan dalolat beradi.

Source: www.gazeta.uz