Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026-yilgi shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun bahsni o‘tkazish jarayoni boshlangani va arizalar qabul qilinishini e’lon qildi.

Shaxmat toji uchun kechadigan bahsda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju va Nomzodlar turnirida sensatsion g‘alaba qozongan o‘zbekistonlik da’vogar Javohir Sindarov to‘qnash keladi.

Uchrashuv dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 23-noyabrdan 17-dekabrgacha bo‘lgan davrga rejalashtirilgan va 25 kun davom etadi. Ta’kidlanganidek, bu shaxmat tarixidagi eng “yosh” titul bahsi bo‘ladi — o‘yinlar boshlanishi arafasida har ikki shaxmatchi ham 20 yoshda bo‘ladi.

Shartlarga ko‘ra, turnirning taxminiy budjeti 8,5 mln dollarni tashkil etadi, sovrin jamg‘armasining minimal miqdori esa 2,5 mln dollar etib belgilangan. FIDE badali 1,1 mln dollarni tashkil qiladi.

O‘tkazish istagida bo‘lgan nomzodlar budjet taqsimoti, jumladan, tijorat, homiylik va translyatsiya huquqlari bo‘yicha takliflar hamda ularning FIDE va tashkilotchilar o‘rtasidagi taqsimoti ko‘rsatilgan batafsil arizani taqdim etishlari lozim.

Arizalar 2026-yil 31-maygacha (Lozanna vaqti bilan 23:59 ga qadar) qabul qilinadi va ular FIDE kotibiyatiga yuborilishi kerak. Barcha hujjatlar ingliz tilida taqdim etilishi shart.

Federatsiya ariza beruvchilar bilan qo‘shimcha muzokaralar olib borish va zarurat tug‘ilsa, ariza topshirish muddatlarini uzaytirish huquqini o‘zida qoldirishini ta’kidladi.

FIDE ijrochi direktori Emil Sutovskiy 15-apreldagi bayonotida bu “epik to‘qnashuv” bo‘lishini qayd etgandi.

“Shaxmat tarixidagi asosiy titul uchun ishtirokchilari eng yosh bo‘lgan bahs. Ikki nafar ajoyib o‘yinchi. Ikki nafar haqiqiy jangchi — jasur, g‘ayratli, maqsad sari intiluvchan va vazmin. Har ikkisi ham asosan o‘zlarining yuksak hisoblash qobiliyatiga tayanadi. Ammo, albatta, ular o‘rtasida sezilarli farqlar ham bor. Va kim mazkur bahsga eng yaxshi sport formasida yetib kelsa, o‘sha g‘alaba qozonadi”, — dedi Sutovskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mezbonlik uchun Hindiston va O‘zbekiston “mantiqiy variantlar bo‘lib ko‘rinmoqda”.

Sindarovning o‘zi esa bahs issiq o‘lkada o‘tishini ma’qul ko‘radi. “Aslida, agar match dekabrda bo‘lsa, men biror issiq mamlakatni, masalan, Kiprni tanlagan bo‘lardim. Men shaxmat toji uchun bahsni sovuq havoda o‘ynashni istamayman. Ammo, umuman olganda, bu men uchun katta ahamiyatga ega emas. Lekin tanlash imkoni bo‘lganida — issiq joyni tanlardim”, — degandi Javohir Sindarov jahon birinchiligi o‘tkaziladigan joy haqidagi savolga javob berarkan.

20 yoshli Sindarov avvalroq Kiprda bo‘lib o‘tgan 2026-yilgi Nomozodlar turnirida muddatidan oldin g‘alabani qo‘lga kiritgandi. O‘zbekistonlik shaxmatchi turnir yakunlariga ko‘ra mavjud 14 ochkodan 10 ochko jamg‘argan: u birorta mag‘lubiyatga uchramay, oltita g‘alaba va sakkizta durang qayd etdi. 2025-yilda esa u tarixdagi eng yosh Jahon kubogi sohibiga aylangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilgi shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun bahs Singapurda bo‘lib o‘tgan. Musobaqalar 2024-yilning 25-noyabridan 12-dekabriga qadar Sentosa orolidagi Resorts World Sentosa kurort majmuasida o‘tkazilgan. O‘shanda 18 yoshli hindistonlik grossmeyster Gukesh Dommaraju amaldagi chempion, xitoylik Din Lijenni mag‘lub etgan edi.

G‘alaba qozongan shaxmatchi 2 yil davomida jahon chempioni unvonini o‘zida saqlab qoladi.

Source: www.gazeta.uz