O'zbekiston startaplari Ostona shahrida bo'lib o'tgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasidagi ECO Startup Competition Central Asia tanlovida katta muvaffaqiyatga erishdi. Beshta asosiy sovrindan uchtasi aynan o'zbek jamoalariga nasib etdi.
Defuse-IT, Sirly va Organic Living loyihalari har biri 3 million tenge (78,5 million so'mdan ortiq) mukofotni qo'lga kiritdi. Ushbu startaplar suv resurslarini boshqarish, oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va aylanma iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish bo'yicha yechimlar taklif qilgan.
Defuse-IT loyihasi aqlli mobil suv tozalash va monitoring tizimi bo'lib, sensorlar va sun'iy intellekt yordamida suv holatini real vaqtda tahlil qiladi va filtrlashni avtomatik sozlaydi. Ushbu yechim suv tanqisligi bo'lgan hududlar, qishloq xo'jaligi va favqulodda vaziyatlar uchun mo'ljallangan.
Sirly platformasi umumiy ovqatlanish korxonalariga kun davomida sotilmagan mahsulotlarni arzon narxda realizatsiya qilish imkonini beradi, bu chiqindilar hajmini kamaytiradi va mas'uliyatli iste'mol madaniyatini shakllantiradi.
Organic Living esa maishiy tozalash vositalari uchun qayta to'ldiriladigan idishlar tizimini taklif qiladi. Loyiha qayta foydalaniladigan qadoqlash va maxsus eruvchan tabletkalar orqali plastik iste'molini kamaytirishga qaratilgan.
Tanlovning bosh sovrini – 5 million tenge – qozog'istonlik Aua Line ekologik loyihasiga berildi, qirg'izistonlik Water Watch AI Plus esa 3 million tenge bilan taqdirlandi. RES 2026 EXPO ko'rgazmasida barqaror rivojlanish sohasidagi texnologik va investitsion yechimlar namoyish etildi.
Source: podrobno.uz