Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

FIFA prezidenti Janni Infantino Vankuverdagi kongressda yana bir bor ta'kidladiki, Eron terma jamoasi shu yozda AQShda bo'lib o'tadigan Jahon chempionatida qatnashadi. Bu haqda Guardian nashri xabar berdi.

Seshanba kuni Eron futbol federatsiyasining uch kishilik delegatsiyasi Torontoga yetib kelgan, biroq ulardan birining Kanadaga kirishi taqiqlangan. Qolgan ikki a'zo norozilik sifatida kongressda qatnashishdan bosh tortgan.

Eron OAVlari federatsiya prezidenti Mahdi Tojning safar ruxsatnomasi bo'lishiga qaramay, Torontodagi Pearson aeroportidan qaytarilgani haqida xabar bergan. FIFA manbalari vaziyatni "afsuslanarli" deb atagan, ammo Eron taklif qilinganini va immigratsiya masalalari Kanada hukumatining ixtiyorida ekanini ta'kidlagan.

210 a'zo ishtirok etgan yig'ilishda bosh kotib Mattias Grafstryom ro'yxatni o'qiyotganda Eronning yo'qligiga to'xtalmagan. Fevral oyida AQSh va Isroilning Eronga havo hujumlaridan so'ng, Eronning turnirdagi ishtiroki shubha ostida qolgan edi.

Infantino shunday dedi: "Boshqacha fikrda bo'lganlar uchun darhol tasdiqlayman: albatta, Eron FIFA JCH-2026'da ishtirok etadi. Va, albatta, Eron Amerika Qo'shma Shtatlarida o'ynaydi. Buning sababi oddiy – biz birlashishimiz kerak."

U qo'shimcha qildi: "Dunyoda muammolar yetarli. Odamlarni bir-biridan ajratishga harakat qilayotganlar ham yetarli. Agar hech kim birlashtirishga harakat qilmasa, dunyomiz nima bo'ladi?"

Taqvimga ko'ra, Eron 15-iyun kuni Los Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi o'yin bilan boshlaydi, 21-iyun kuni Belgiya bilan to'qnashadi va guruh bosqichini Sietlda Misrga qarshi yakunlaydi. Agar Eron va AQSh guruhlarida ikkinchi o'rinni egallasa, ular 1/16 finalda Dallasda uchrashishi mumkin.

Infantinoning ishonchiga qaramay, Eron terma jamoasining immigratsiya muammolariga duch kelishi mumkinligi haqida xavotirlar saqlanmoqda. AQSh davlat kotibi Marko Rubio futbolchilarni mamnuniyat bilan kutib olishlarini aytgan, biroq federatsiyaning ba'zi a'zolari qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligiga ishora qilgan.

"Eron bilan bog'liq muammo ular o'zlari bilan olib kelmoqchi bo'lgan ba'zi shaxslarda bo'lishi mumkin, chunki ularning ayrimlari Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi (IIQK) bilan aloqador", dedi Rubio.

Mahdi Toj IIQKning sobiq qo'mondoni hisoblanadi, Kanada esa 2024-yilda ushbu tashkilotni terrorchi tuzilmalar ro'yxatiga kiritgan. Kanada hukumati avvalroq Tojga vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi bergan, biroq keyinchalik u bekor qilingan bo'lishi mumkin.

Infantino nutqining boshqa qismida FIFAning chiptalar sotuvi bo'yicha bahsli jarayonini himoya qilgan. U chiptalar uchun 500 million so'rov kelib tushganini va chiptalarning 90 foizi sotilganini, qolgan qismi kelgusi sotuvlar uchun saqlab qo'yilganini ma'lum qilgan.

Source: www.gazeta.uz