AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘illari Erik Tramp va kichik Donald Tramp Qozog‘istondagi volfram konlarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanuvchi Skyline Builders qurilish guruhining hammuassislariga aylangan. Bu haqda Financial Times (FT) o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
FT’ning uchta manbasiga ko‘ra, 2025-yil avgust oyida aka-uka Tramplar Skyline Builders’dan ulush sotib olgan. Investitsiyalar hajmi oshkor qilinmagan. O‘sha yilning sentabr oyida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Donald Trampga volfram qazib olish bo‘yicha yirik loyihani AQShning Cove Kaz Capital investitsiya guruhiga topshirish rejalari haqida ma’lum qilgan.
Oktabr oyida Trampning o‘g‘illari Skyline’dagi ulushini oshirgan va keyinchalik Cove Kaz’ni ham nazorat qiluvchi Cove Capital investitsiya guruhining sho‘ba korxonasi Kaz Resources’ning 20 foizini sotib olgan. Noyabr oyida Cove Capital va Qozog‘istonning Milliy tog‘-kon kompaniyasi “dunyodagi eng yirik va o‘zlashtirilmagan volfram konlaridan birini” o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolagan.
30-aprel kuni Cove Kaz Capital va Kaz Resources kompaniyalari Skyline bilan birlashishga kelishib oldi. Yangi kompaniya Kaz Resources brendi ostida Nasdaq birjasida aksiyalarini ommaviy joylashtirishni rejalashtirmoqda. Birlashish haqidagi press-relizda aka-uka Tramplarning birortasi tilga olinmagan.
FT’ning yozishicha, kichik Donald Tramp va Erik Tramp Skyline’ga dastlabki investitsiyalarni kiritayotganlarida Cove kompaniyasi ularning otasi ma’muriyatidan shartnoma olish ostonasida turganini bilganliklari yoki shartnoma berilishiga ta’sir o‘tkazganliklari haqida hech qanday taxminlar yo‘q. Kichik Trampning vakili FT’ga u passiv investor sifatida ishtirok etayotganini, operatsion faoliyat bilan shug‘ullanmasligini va federal hokimiyat organlari bilan aloqaga chiqmasligini ma’lum qilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, o‘tgan yili AQSh Eksport-import banki va Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) Qozog‘istondagi volfram qazib olish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,6 milliard dollargacha mablag‘ ajratishni ma’qullagan. Ushbu loyihalardagi nazorat paketi (70%) Cove Kaz Capital tuzilmasiga berilgan.
O‘tgan yili Trampning oilasi turli kriptoloyihalardan soliq to‘langunga qadar 1 milliard dollardan ortiq foyda olgan hamda AQSh hukumatidan manfaatli shartnomalar olgan sun’iy intellekt, dronlar va muhim minerallar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga sarmoya kiritishda davom etmoqda. Demokratik partiya vakillari Tramp oilasining investitsiyalari bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuviga bir necha bor ishora qilgan.
Source: www.gazeta.uz