AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning urushni tugatish bo‘yicha so‘nggi tinchlik taklifidan “qoniqmaganligini” bildirdi. U juma kuni matbuotga bergan intervyusida Eron bilan kelishuvga erishishga ishonchsizlik izhor qilib, muzokaralar barbod bo‘lsa, ularni “yo‘q qilish” bilan tahdid qildi.
“Ular kelishuv tuzmoqchi, ammo men undan qoniqmadim, shuning uchun nima bo‘lishini ko‘ramiz”, dedi Tramp mojaro bo‘yicha sulh uchinchi hafta davom etayotgan bir paytda. Prezident urushga qaytmaslikni kafolatlovchi kelishuvga erishishni afzal ko‘rishini, biroq zarurat tug‘ilsa, mojaroni qayta boshlash mumkinligini ta’kidladi.
“Ular men rozi bo‘lolmaydigan narsalarni so‘rayapti”, dedi Tramp. Eronning yangi taklifi mazmuni oshkor etilmagan bo‘lsa-da, Tramp uning shartlarini qabul qila olmasligini aytdi.
Urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar haftalar davomida to‘xtab qolgan. 11 aprelda Islomobodda boshlangan va 21 soatdan ortiq davom etgan muzokaralar hatto keyingi muhokamalar uchun asosiy ramka ham ishlab chiqa olmadi.
Sulh 8 apreldan beri amalda bo‘lib, 28 fevralda AQSh-Isroilning Eronga hujumidan keyin boshlangan jangovar harakatlarni muzlatib qo‘ydi. Bu tanaffus mintaqa va undan tashqarida halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan mojaroning chuqurlashishi haqidagi xavotirlarni vaqtincha yumshatdi.
Xalqaro hamjamiyat urushni tugatish va dunyo neft va suyultirilgan gaz jo‘natmalarining 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga qaratilgan kelishuvni intiqlik bilan kutmoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron diplomatiyaga ochiq ekanini, ammo Vashingtonning “tahdid ritorikasi” va “ekspansionistik yondashuvi”ni o‘zgartirishi kerakligini aytdi. Eron urush qayta boshlanishiga tayyorligini bir necha bor ogohlantirib, mintaqadagi AQSh manfaatlari va energetika infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qilgan.
Qatar Hamad bin Xalifa universitetining davlat siyosati professori Sulton Barakatning so‘zlariga ko‘ra, Eron ham, AQSh ham mojaroni o‘zlarini zaif ko‘rsatmasdan tugatishga intilmoqda. “Ikkala tomon ham bu urushni o‘z obro‘sini saqlab qolgan holda tugatishga juda intilmoqda”, dedi u.
Tramp 13 aprelda Eron portlarini dengiz blokadasiga olib, Tehronni muzokaralarga qaytishga va Vashington shartlarini qabul qilishga majburlashga urindi. Barakat Eronning blokadadagi AQSh harbiy kemalariga hujum qilmaslik qarori uning kelishuvga erishish istagini ko‘rsatishini ta’kidladi. “Ular blokadani kuch bilan yorib o‘tishga urinmadilar”, balki “Pokiston va boshqa yo‘nalishlar orqali muqobil yo‘llarni” qidirdilar.
Tramp Eron bilan har qanday kelishuv uning yadro quroliga ega bo‘lmasligini kafolatlashi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Tehron esa yadro dasturini qurollashtirish rejalarini rad etib, faqat tinch maqsadlarda ekanini ta’kidlaydi.
Source: www.aljazeera.com