Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida OTB rahbari Masato Kanda O‘zbekiston yetakchisiga bank Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi mamlakatda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagani va ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlarini muhokama qildi. O‘tgan 30 yil davomida OTB O‘zbekistonning strategik sherigiga aylangan bo‘lib, loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarni tashkil etadi. Amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biridir.

Temir va avtomobil yo‘llari, energetika, ijtimoiy infratuzilma, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda muhim loyihalar amalga oshirilgan va davom etmoqda.

Prezident va bank rahbari 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi sheriklik dasturiga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish, shu jumladan, bankning mablag‘larni safarbar etishdagi yetakchiligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishga kelishib oldi.

Prezident OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi muvaffaqiyatli va samarali o‘tishini tiladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va OTB o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan sheriklik dasturini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Source: www.gazeta.uz