Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 2035-yilga qadar energetika va raqamli infratuzilma sohasida umumiy qiymati 70 milliard dollarlik ikkita tashabbusni ishga tushirishini e'lon qildi. Bu haqda 3-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan bankning yillik anjumanida OTB prezidenti Masato Kanda ma’lum qildi.
Birinchi tashabbus – Pan-Asia Power Grid Initiative – umumiy qiymati 50 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu loyiha milliy va subregional energiya tarmoqlarini birlashtirish orqali umumosiyo energiya tizimini yaratishni nazarda tutadi. Mablag‘lar elektr uzatish tarmoqlari, podstansiyalar, energiyani jamlash tizimlari, tarmoqlarni raqamlashtirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (QTEM) foydalanishni kengaytirishga yo‘naltiriladi.
OTB 2035-yilga kelib 20 GVt qayta tiklanuvchi energiyaning transchegaraviy integratsiyasini ta’minlash, 22 ming km elektr uzatish tarmoqlarini birlashtirish, 200 million kishining elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, 840 mingta ish o‘rni yaratish va mintaqa energetika sektoridagi chiqindilarni 15 foizga kamaytirishni kutmoqda.
Ikkinchi tashabbus – Asia-Pacific Digital Highway – 20 milliard dollarlik investitsiyani o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha raqamli koridorlar, ma’lumotlar infratuzilmasi va sun’iy intellektdan foydalanishga tayyor bo‘lgan iqtisodiyotlarni rivojlantirishga qaratilgan. Investitsiyalar yerusti va suvosti tolali-optik tarmoqlari, sun’iy yo‘ldosh aloqa kanallari va mintaqaviy data markazlarga yo‘naltiriladi.
2035-yilga kelib raqamli tashabbus 200 million kishi uchun keng polosali aloqadan birlamchi foydalanish imkoniyatini, 450 million aholi uchun tezroq va ishonchliroq raqamli ulanishni ta’minlashi kutilmoqda. Olis va dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan hududlarda ulanish narxi 40 foizga pasayishi va 4 millionga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
OTB ushbu tashabbuslarning katta qismini o‘z resurslari hisobidan moliyalashtirishni, qolgan qismini esa birgalikda moliyalashtirish, jumladan xususiy sektor ishtiroki orqali jalb qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, texnik yordam uchun 10 million dollargacha mablag‘ ajratiladi.
Source: www.gazeta.uz