Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi bilan 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ushbu kelishuv 2027-yilga qadar poyezdlarni yetkazib berishni, shuningdek, ularni mahalliylashtirish va O‘zbekiston hududida qisman ishlab chiqarishni nazarda tutadi.

O‘TY boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahimovning ma’lum qilishicha, bu jahon standartlariga javob beradigan 10 ta Škoda poyezdini sotib olish, shuningdek, ularni mahalliylashtirish va O‘zbekiston hududida qisman ishlab chiqarish haqida bormoqda. “Bu juda muhim ahamiyatga ega deb hisoblayman. Škoda kompaniyasi bugungi kunda dunyodagi eng mashhur kompaniyalardan biri sanaladi. Albatta, bu „O‘zbekiston temir yo‘llari“ uchun g‘ururli ish bo‘lyapti. Hurmatli prezidentimiz qarorlariga muvofiq, ushbu 10 ta elektropoyezd 2027-yilda O‘zbekistonga kirib kelishi kerak”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Škoda Group kompaniyalar guruhi rahbari Petr Novotni O‘zbekiston strategik bozor sifatida qaralayotganini ta’kidladi. “Bu nimani anglatadi? Birinchidan, biz shaharlararo poyezdlarni yetkazib berish bo‘yicha ilk loyihani ko‘rib chiqyapmiz. So‘ngra, ta’kidlab o‘tganimdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va servis markazini tashkil etish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Ushbu servis markazi nafaqat O‘zbekiston miqyosida ishlashi, balki kelajakda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun ham tajriba almashish markaziga aylanishi kerak”, — dedi u.

120 mln yevrolik shartnoma, shuningdek, qo‘shma korxona tashkil etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, servis infratuzilmasini rivojlantirish va Škoda Academy ta’lim platformasini ochishni ham nazarda tutadi. “Investitsiyalar salmoqli bo‘ladi: infratuzilma, uskunalar, jihozlash va servis xizmati ko‘rsatishga yo‘naltiriladi. Avvaliga xizmat ko‘rsatishdan boshlaymiz, keyin esa mahalliylashtirishni chuqurlashtiramiz. Bu mintaqadagi boshqa yetkazib beruvchilarni ham jalb qilishiga va shu orqali O‘zbekiston hamda mintaqada harakatchanlik va ta’minot zanjiri barqarorligini mustahkamlashiga umid qilamiz. O‘ylaymanki, bu aynan shu yerda va hozir boshlanayotgan mutlaqo yangi yo‘lning debochasidir. Biz ushbu ishni davom ettirishdan chin dildan manfaatdormiz va g‘ayrat bilan harakat qilamiz”, — deb ta’kidladi Novotni.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 10 ta hududiy elektropoyezd 1520 mm o‘lchamdagi temiryo‘l iziga mo‘ljallangan bo‘lib, ular Škoda platformalari negizida Latviya va Estoniyadagi ishlab chiqarish quvvatlari ishtirokida ishlab chiqariladi. O‘TYdan Gazeta`ga xabar berishlaricha, aniq model hozircha ochiqlanmagan, biroq poyezdlar O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashtiriladi.

2023-yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Chexiya biznes-forumida “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Škoda Group 320 mln yevrolik 30 ta elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. O‘shanda bosh vazir Abdulla Aripov ushbu kelishuvni “O‘zbekiston temir yo‘llari” inqilobiy qadam deb atagandi. Qisman past polli poyezdlarni ishlab chiqarish 2024-yilda boshlanishi kutilgan edi. Biroq keyinchalik ushbu poyezdlarni yetkazib berish bo‘yicha yangiliklar chiqmadi. Vaziyatdan xabardor manbalarning qayd etishicha, shartnoma to‘xtatib qo‘yilgan, ammo endilikda u Chexiya sug‘urtalovchilari va Yevropa investitsiya banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Source: www.gazeta.uz