Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, 2025 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 18,1 milliard dollarga ko‘p.

Davlat qarzi 40,5 milliard dollarni (+6,6 milliard), xususiy sektor va davlat kompaniyalarining qarzi esa 41,7 milliard dollarni (+11,5 milliard) tashkil qildi. Umumiy tashqi qarzning YaIMga nisbati 55,8 foizni tashkil etdi.

Korporativ tashqi qarz tarkibida xorijiy investorlardan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar qoldig‘i 6,5 milliard dollarni, xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘lar qoldig‘i 7,3 milliard dollarni tashkil etdi. Qolgan qismi xususiy sektor tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznesni kengaytirish uchun jalb qilingan kredit va qarzlar hisobidan shakllangan.

2025 yilda tashqi qarzning o‘sishi O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Avvalgi eng yuqori o‘sish 2020 yilda (9,2 milliard), 2023 yilda (9,8 milliard) va 2024 yilda (10,8 milliard) kuzatilgan. Davlat tashqi qarzining o‘sishi nisbatan mo‘tadil bo‘lib, 2020 yilda 5,5 milliard, 2021 yilda 2,3 milliard, 2022 yilda 2,1 milliard, 2023 yilda 3,9 milliard, 2024 yilda 4,2 milliard va 2025 yilda 6,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, korporativ qarz 3,3 baravarga o‘sib, 12,5 milliard dollardan 41,7 milliard dollarga yetdi.

Joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2025 yilda YaIMning 3,9 foizini (5,8 milliard dollar) tashkil etdi, bu 2024 yilga nisbatan 0,8 foiz punktga past. Tovar va xizmatlar savdosi saldosi 19,9 milliard dollar defitsit bilan yakunlandi. Joriy transfertlar bo‘yicha ijobiy saldo (13,7 milliard dollar) va birlamchi daromadlar bo‘yicha sof tushumlar (371,4 million dollar) qisman savdo balansidagi salbiy saldoni qopladi.

2025 yilda eksport hajmi 2024 yilga nisbatan 23 foizga o‘sib, 32,3 milliard dollarni tashkil etdi (oltinsiz eksport 22,5 milliard dollar, 20 foiz o‘sish). Import hajmi 20 foizga o‘sib, 52,2 milliard dollarga yetdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi 1,5 baravarga o‘sib, 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Portfel investitsiyalarining sof oqimi 40 foizga o‘sib, asosan xalqaro obligatsiyalar bilan operatsiyalar hisobiga 4,4 milliard dollarga yetdi.

Source: kun.uz