Varshavada oliy darajadagi shaxmat turnirlari seriyasi — Grand Chess Tour 2026'ning birinchi bosqichi boshlanmoqda. Turnirda Javohir Sindarov ilk bor ishtirok etadi. Uning seriyadagi ishtiroki, xalqaro musobaqalarga tayyorgarligi va murabbiylar bilan mashg‘ulotlari O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Asosiy intrigalardan biri uning Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan so‘ng jahon toji uchun kechadigan bahsdagi bo‘lajak raqibi — jahon chempioni Dommaraju Gukesh bilan ilk uchrashuvi bo‘ladi.
Super Rapid & Blitz Poland turniri 5−10-may kunlari bo‘lib o‘tadi va Grand Chess Tour’ning yangi mavsumini ochib beradi. Varshavadan so‘ng seriya Buxarestdagi (Ruminiya) klassik turnir, Zagrebdagi (Xorvatiya) rapid bosqichi, Cyent-Luisdagi ikkita turnir va final bilan davom etadi. Final ham AQShda bo‘lib o‘tadi.
Polshada o‘tadigan ushbu bosqichda 10 nafar shaxmatchi ishtirok etadi: Javohir Sindarov, Fabiano Karuana, Uesli So, Xans Moke Nimann (uchalasi ham AQSh vakili), Alireza Firuzja, Maksim Vache-Lagrav (Fransiya), Yan-Kshishtof Duda, Radoslav Voytashek (Polsha), Dommaraju Gukesh (Hindiston) va Vladimir Fedoseev (Sloveniya).
Turnirning mukofot jamg‘armasi 200 ming dollarni tashkil etadi. G‘olib 50 ming dollar oladi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun esa mos ravishda 40 va 30 ming dollar mukofot belgilangan.
Dastlab ishtirokchilar rapid bo‘yicha bir davrali turnirda o‘ynaydi: har bir ishtirokchiga 25 daqiqadan vaqt nazorati va har bir yurishdan so‘ng 10 soniya qo‘shib beriladigan 9 ta tur. Shundan so‘ng blits bo‘yicha ikki davrali turnir o‘tkaziladi: har bir yurish uchun 5 daqiqa vaqt nazorati va 2 soniya qo‘shib beriladigan 18 ta tur.
Rapidda g‘alaba 2 ochko, durang esa 1 ochko bilan baholanadi; blitsda g‘alaba uchun 1 ochko, durang uchun 0,5 ochko beriladi. Yakuniy o‘rin turnirning har ikki qismida to‘plangan ochkolar yig‘indisiga qarab aniqlanadi.
Bunday vaqt nazorati ko‘plab onlayn turnirlar uchun odatiy bo‘lgan “15+10” va “3+2” formatlaridan uzoqroq, lekin baribir jiddiy o‘ylash uchun kam vaqt qoldiradi. Bunday partiyalarda aksariyat qarorlar reflekslar asosida qabul qilinadi, variantlarni hisoblash tezligi va sezgi birinchi o‘ringa chiqadi.
Rapid va blitsda g‘olibni taxmin qilish klassik shaxmatga qaraganda qiyinroq. Ko‘pincha birinchi o‘ringa nafaqat shaxmatchining umumiy saviyasi, balki uning ayni damdagi sport formasi, tezkor qarorlar qabul qilishga tayyorligi va vaziyat doimiy o‘zgarib turadigan partiyalardagi barqarorligi ham chiqadi.
Xususan, Javohir Sindarov Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan so‘ng yaqinda o‘tkazilgan ChessCom Open onlayn turnirida yorqin ishtirok eta olmadi: dastlab rossiyalik Daniil Dubovga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib, keyin Maksim Vashe-Lagravga mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi. Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda bu darajadagi natijalarni kamdan-kam ko‘rsatayotgan Yan-Kshishtof Duda turnir finaliga qadar yetib bordi.
Karuana, Firuzja, Vashe-Lagrav, Fedoseev va Sindarovni nominal favoritlar qatoriga kiritish mumkin. Fedoseyev o‘tgan yilgi Polsha turnirining haqiqiy qahramoni bo‘lib, ham rapid, ham blits bahslarida g‘alaba qozongan edi.
Tezkor shaxmatda bir necha bor kuchli natijalar qayd etgan So va Duda ham yuqori imkoniyatlarni saqlab qolmoqda. Niemann hali shohsupaga ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarga yaqin kelgan.
Gukesh va Voytashekning imkoniyatlari esa ancha past baholanmoqda: amaldagi jahon chempioni so‘nggi paytlarda beqaror o‘yin namoyish etmoqda, polshalik grossmeyster esa reyting bo‘yicha aksariyat ishtirokchilardan ortda qolmoqda.
Shaxmat muxlislari uchun turnirning asosiy syujet chizig‘i Sindarov va Gukeshning nomzod hamda jahon chempioni maqomidagi ilk uchrashuvi bo‘ladi. Bu partiyalar rapid va blitsda o‘tkazilgani bois, ularning natijasiga kuchlar nisbati nuqtai nazaridan juda katta ahamiyat berish kerak emas, chunki ularning bo‘lajak chempionlik uchrashuvi klassik shaxmatda kechadi.
Ammo bu uchrashuvlarning psixologik ahamiyati baribir katta bo‘ladi: bo‘lajak raqib ustidan qozonilgan g‘alaba birining o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirsa, ikkinchisiga qo‘shimcha bosim yuklashi mumkin.
Hozirga qadar ular o‘zaro atigi uchta partiya o‘ynashgan. O‘zbekistonlik grossmeyster 2018 va 2022-yillarda g‘alaba qozongan. 2026-yilning yanvar oyida Tata Steel Chess superturnirida esa Gukesh revanshga yaqin kelgan edi, biroq Sindarov topqir himoyasi bilan mag‘lubiyatli vaziyatni qutqarib qoldi. Yakunda ushbu musobaqa Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarovning muvaffaqiyati bilan yakunlandi, hindistonlik shaxmatchi esa 9-o‘rinni egalladi.
Sindarov faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyatdan so‘ng turnirga yetib keldi — Nomzodlar turniridagi g‘alaba unga jahon toji uchun o‘yin o‘tkazish huquqini berdi. U turnirni mag‘lubiyatsiz yakunlab, g‘alabalar soni (6) va ochkolar (10) bo‘yicha rekord o‘rnatdi hamda birinchi o‘rinni muddatidan avval naqd qildi. Bungacha u Jahon kubogining eng yosh g‘olibi bo‘lgan edi.
Gukesh esa, aksincha, chempionlikni qo‘lga kiritganidan keyingi bir yarim yilni beqaror natijalar bilan o‘tkazmoqda. Uning yagona muvaffaqiyati — 2025-yil yanvar oyida Tata Steel Chess turnirida birinchi o‘rinni bo‘lishib olgani bo‘ldi.
Bunga turli sabablar keltirilmoqda: chempionlik unvonining ruhiy bosimidan tortib, chempion taklif etiladigan ko‘plab turnirlar tufayli charchashgacha. Gukesh uchrashuv oldidan dam olish va kuch to‘plash maqsadida Grand Chess Tour turkumidagi holdan toydiruvchi klassik turnirlarda qatnashishdan bosh tortdi — u faqat tezkor shaxmat bo‘yicha qisqa musobaqalarda ishtirok etadi.
Aynan shu qaror Sindarov uchun turkumning asosiy tarkibidan joy ochib berdi. Grand Chess Tour o‘zbekistonlik shaxmatchi Gukesh o‘rniga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qabul qilinib, Varshava, Buxarest hamda Cyent Luisdagi ikkita turnirda o‘ynashini ma’lum qildi. Turkum finali 21−28-avgust kunlari Cyent Luisda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz