Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekiston bo‘yicha prognozi “juda ijobiy” bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar fonida bankning investitsiyalarga qiziqishi ortgan. Bu haqda 4-may kuni Samarqandda OTBning xususiy sektor bilan operatsiyalar departamenti bosh direktori Izabel Chatterton ma’lum qildi.

Chatterton Gazeta muxbirining hozirda O‘zbekistonda investorlar uchun eng muhim xavflar qaysilar ekani haqidagi savoliga javoban, OTB alohida bir omilni emas, balki xavflar yig‘indisini baholashini ta’kidladi. “Biz barcha mamlakatlarda, albatta O‘zbekistonda ham investitsiyalarni ko‘rib chiqar ekanmiz, xavflarning umumiy yig‘indisini baholaymiz. Biz kredit-investitsiya instituti sifatida bu masalaga boshqa xususiy kreditorlar va investorlar kabi yondashamiz. Mamlakat xavfi, homiy xavfi va aniq loyiha xavfini tahlil qilamiz. Shu uch omilni birlashtirib, ular asosida xavflarning bir qismini yumshatish imkonini beruvchi tuzilmani shakllantiramiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda investorlar ehtimoliy xavflarni to‘liq anglagan holda loyihalarga kirishi lozim. “Ayrim hollarda investitsiyalarga “ko‘zni katta ochib” kirishimizga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonga kelsak, hukumat hayratlanarli transformatsiyani amalga oshirmoqda, bu esa reyting agentliklari baholarida ham o‘z aksini topgan. Ko‘rib turganingizdek, vaziyat yaxshilangani sababli O‘zbekistondagi xavflarga bo‘lgan qiziqishimiz va “ishtahamiz” ortdi”, — deya qayd etdi OTB vakili.

Chatterton ta’kidlashicha, bank potensial hamkorlarni baholashda ularning uzoq muddatli ishga va iqtisodiyotda tizimli o‘zgarishlarga tayyorligiga e’tibor qaratadi. “Biz homiylarni baholar ekanmiz, uzoq muddatli istiqbolga va tarmoq hamda iqtisodiyotda tizimli o‘zgarishlarga qaratilganlarini tanlaymiz. Biz energetika sohasiga aynan shuning uchun investitsiya kiritdikki, ko‘plab investorlarga ishonchli uzoq muddatli loyihalar “payplayni”ni ko‘rish imkonini bergan sharoitlar shakllandi. Investorlar uchun bitta loyihaning o‘zi yetarli emas — ularga uzoq istiqbol kerak. Energetika sektori buni ta’minladi va biz bu yo‘nalishda hukumat bilan hamkorlikdan mamnunmiz”, — dedi u.

Departament rahbari so‘zlariga ko‘ra, OTB uchun hukumatning transformatsiya dasturiga kiritilgan va “islohotlarning aniq strategiyasi” ko‘rinayotgan boshqa sohalar ham qiziq. U, shuningdek, asosiy xavflardan biri loyihalarni amalga oshirish xavfi bo‘lib qolayotganini qo‘shimcha qildi. “Aniq loyihalarga oid xavflar haqida gap ketganda — va bu faqat O‘zbekistonga emas, balki biz ishlaydigan barcha 50 a’zo mamlakatga ham tegishli — bu, aslida, amalga oshirish xavfidir. Uni baholash juda qiyin. Bu sponsorning muayyan tarmoqdagi ekspertizasi chuqurligi, boshqaruv jamoasining salohiyati va ushbu sohada davlat siyosatining uzoq muddatli istiqbolda qanchalik barqaror va prognoz qilina olishi bilan bog‘liq. Shunda investorlar sarmoyalarni amalga oshirish va mablag‘larni qaytarish bo‘yicha aniq yo‘lni ko‘ra oladi”, — dedi OTB vakili.

“Umuman olganda esa, O‘zbekiston bo‘yicha prognozimiz juda ijobiy. Mamlakatga investitsiya kiritishga bo‘lgan qiziqishimiz yuqori darajada saqlanmoqda”, — deya ta’kidladi u.

Chatterton, shuningdek, O‘zbekiston uchun dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan va xuddi shunday jahon okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni yo‘q davlatlar bilan o‘ralgan mamlakat maqomi xavf hisoblanadimi, degan savolga ham javob berdi. “Endilikda yo‘q. Bu ancha avval — shaxsiy kompyuterlar, internet va Wi-Fi’ni olib kelgan texnologik inqilobdan oldin shunday edi. Bugun jismoniy bog‘liqlik, albatta, avvalgidek hal qiluvchi ahamiyatga ega emas, chunki mamlakatlar virtual tarzda bog‘lanishi mumkin. Balki, kecha prezidentimiz “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga start berganini eslarsiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli bog‘liqlik mamlakatlarga global ta’minot zanjirlarida ishtirok etish va iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish imkonini beradi. “Yana shuni ta’kidlash kerakki, raqamli ulanish mamlakatlarga global ta’minot zanjirlarining bir qismiga aylanish va mintaqaviy talab o‘choqlari mavjud bo‘lgan sohalarga kirish imkonini beradi. Bu kapitalning chegaralar orqali harakatlanishiga, ishchilarning esa gig-iqtisodiyotda ishtirok etishi va masofadan ishlashiga sharoit yaratadi. Shuning uchun bugungi kunda biz, aslida, bunda [dengizga chiqish imkoni yo‘qligida] kamchilik ko‘rmayapmiz”, — dedi Chatterton.

Shu bilan birga, u geografik joylashuv baribir tovarlarni tashishda muayyan cheklovlar yaratishini tan oldi. “Masalan, port quvvatlaridan foydalanish va samolyotda tashish juda qimmatga tushadigan yuklarni yetkazib berish masalasida boshqalarga qaram bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Og‘ir yuklar doimo dengiz orqali tashiladi, chunki bu kompaniyalar uchun ancha arzon. Biroq bugungi kunda mamlakatlarda temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kabi jismoniy bog‘liqlik, shuningdek, boshqa portlar orqali o‘z mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari mavjud ekan, muammolar bo‘lmasligi kerak”, — dedi u.

OTB departamenti rahbari raqamlashtirish mamlakatlarning raqobat ustunliklari haqidagi avvalgi tasavvurlarni o‘zgartirayotganini ta’kidladi. “Aslida, o‘nlab yillar davomida amal qilib kelgan mamlakatlarning qiyosiy va raqobat ustunliklari haqidagi tasavvurlar bugun raqamlashtirish tufayli ko‘p jihatdan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Mamlakatlar raqamli iqtisodiyotning bir qismiga aylanish imkoniyatiga tayanib, amalda o‘zini qayta “kashf etishi” mumkin. Shuning uchun zamonaviy davrda mamlakatning dengizga chiqish imkoniga ega emasligi muammo deb hisoblamayman”, — dedi Izabel Chatterton.

Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqandda OTB prezidenti Masato Kanda bilan uchrashdi. Muzokaralarda 2030-yilgacha mo‘ljallangan 12,5 mlrd dollarlik yangi strategik sheriklik dasturi muhokama qilindi. U ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish, kambag‘allikni qisqartirish va “yashil” energetikani qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi. Joriy loyihalar portfeli qariyb 16 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Source: www.gazeta.uz