Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda ekologik huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan jarimalar karrasiga oshirilmoqda. Tegishli qonun (O‘RQ-1143-son) 4-may kuni qabul qilindi. Qonun Senat tomonidan 7-aprelda ma’qullangan edi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi belgilandi. Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun yangi moddalar (54−61-moddalar) bilan to‘ldirilib, unda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan quyidagi moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda.

Yuridik shaxslar huquqbuzarliklardagi aybini tan olganda, moliyaviy sanksiya Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan qo‘llanilishi, nizo mavjud bo‘lgan taqdirda yoki yuridik shaxs moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy muddatda moliyaviy sanksiya summasini ixtiyoriy ravishda to‘lamagan hollarda, masala sud tartibida hal etilishi qayd etilmoqda.

Moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan ayni bir huquqbuzarlik uchun qayta ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) yangi qismlar bilan to‘ldirilib, yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda yoki qurilmalarda yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish, shuningdek, issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilg‘i sifatida shina, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina va boshqa shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 25 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda, takroran sodir etilsa fuqarolarga — 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 70 baravarigacha jarimaga tortilishi belgilanmoqda.

Qonun e’lon qilinganidan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Source: www.gazeta.uz