Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jahon bozorida oltin narxining ehtimoliy pasayishi valyuta bozori va inflyatsiyaga qanday ta’sir ko‘rsatishi yuzasidan izoh berdi. U, shuningdek, birinchi chorakda oltin eksporti amalga oshirilmagani sabablarini tushuntirdi.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, oltin narxining inflyatsiyaga ta’siri to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki pul oqimlari va tushumlar orqali bilvosita amalga oshadi. U erkin suzuvchi valyuta kursi siyosatiga sodiqligini yana bir bor ta’kidladi va sun’iy ta’sir ko‘rsatish tarafdori emasligini bildirdi.
“O‘tgan yili valyuta tushumlari hisobiga milliy valyuta qadri oshdi. 2026 yilning bir-ikki oyida biroz qadrsizlandi, mart oyida yana tiklandi. Yil boshidan kursdagi o‘zgarish 0 foiz atrofida”, — dedi u. Ishmetov hozirgi noaniqlik sharoitida erkin kurs eng samarali vosita ekanligini qo‘shimcha qildi.
Regulyator rahbari oltin narxining iqtisodiyot va budjetga ta’sirini tushuntirib, Markaziy bank ishlab chiqaruvchilardan oltinni jahon bozor narxida sotib olishini, kurs balandroq bo‘lsa, ishlab chiqaruvchilarda qo‘shimcha daromadlar shakllanib, budjetga soliq tushumlari oshishini aytdi.
Ishmetov birinchi chorakda oltin eksport qilinmaganiga alohida to‘xtaldi. “Haqiqatan ham, birinchi chorakda oltin eksport qilinmadi. Oltinsiz eksport qariyb 25 foizga o‘sdi. Shuning uchun tahlilda umumiy eksportga emas, aynan oltinsiz eksportga e’tibor qaratamiz”, — dedi u.
Uning qayd etishicha, oltin eksportining amalga oshirilmagani iqtisodiyotga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatmagan, chunki oltin zaxiralarga kelib tushadi va keyingi eksport faqat zaxira strukturasini o‘zgartiradi. “Biz oltin eksportini statistik ko‘rsatkichlar yoki tashqi savdo balansi uchun amalga oshirmaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ishmetov oltin sotuvi zaxiralarni boshqarish strategiyasi doirasida amalga oshirilishini ta’kidlab, yil yakunlari bo‘yicha oltin eksporti rejalashtirilgan hajmda amalga oshirilishi kutilayotganini aytdi.
Source: www.gazeta.uz