O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik doirasida o‘zbekistonliklarni tibbiyot, qurilish, turizm va muhandislik sohalarida ishga joylashtirish tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Saudiyadagi elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya Saudiya Arabistonida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Saudiya Arabistoni inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Ahmad Al-Sharqiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehnat bozorining yangi strategiyasi, xorijiy ishchi kuchini jalb qilish mexanizmlari hamda mehnat vizalarini malaka darajalari bo‘yicha (boshlang‘ich, o‘rta, yuqori) ajratish tizimi joriy etilgani ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistoni Mehnat vazirligi o‘rtasida qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishildi. Shuningdek, O‘zbekistonda tibbiyot, qurilish, turizm va muhandislik sohalari bo‘yicha kadrlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, malaka imtihonlarini tashkil etish hamda nomzodlarni Saudiyada ishga joylashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistonida xorijiy ishchi kuchini jalb qilish va ish beruvchilarni kadrlar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan KDOT rekruting tashkiloti va yirik ish beruvchilar bilan yuqori talabga ega kasblar bo‘yicha maqsadli ta’lim va kasbiy tayyorgarlik dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
20-aprel kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini kengaytirish va o‘qitish xarajatlarini qoplash rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi. Qayd etilishicha, Yevropa va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida malakali ishchi kuchiga talab ortib bormoqda. Xususan, xorijiy ish beruvchilar allaqachon 100 mingdan ortiq mutaxassisga buyurtma yo‘llagan.
Source: www.gazeta.uz