Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Takliflar paketida raqamlashtirish va bank xizmatlaridan foydalanish xarajatlarini kamaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish tartibini joriy etish taklifi bildirildi.
Shuningdek, bank kartalaridagi operatsiyalar xavfsizligi uchun qo‘llaniladigan antifrod SMS xabarnomalar xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularning o‘rniga mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.
Prezident nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qo‘shimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Hozirda aksariyat banklar va to‘lov ilovalari (Uzum, Payme, Click va boshqalar) uchun standart komissiya stavkasi 0,5% dan 1% gachani tashkil etadi. Agar sizda ikkita turli bankning kartasi bo‘lsa, o‘z pulingizni bir kartadan ikkinchisiga o‘tkazish uchun ham ba’zan 0,35% — 0,5% atrofida komissiya to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Lekin so‘nggi paytlarda banklar mijozlarni jalb qilish uchun bepul limitlar joriy qilgan. Xususan, ko‘pgina ilovalarda oyiga 3 milliondan 10 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni komissiyasiz o‘tkazish mumkin.
Source: www.gazeta.uz