Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

9-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 33 yoshli fuqaro M.A.ga nisbatan hukm chiqarildi. Sud materiallariga ko‘ra, u 2021-yil noyabrda ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan va Moskvada yuk tashish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, Rossiya sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sudda sudlanuvchi Rossiyaga qanday borgani va jinoyat ishiga aralashib qolgani haqida ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2010-yilda otasining oldiga ishlash uchun ketgan, Yekaterinburgda dachada qorovullik qilib, 6 yil ishlagan. 2016-yilda hujjatsiz yurgani uchun ushlanib, 5 yilga deportatsiya qilingan. 2017-yildan Qozog‘istonda, keyin 2021-yildan Toshkentda ustachilik qilib yashagan. Tanishining taklifi bilan 2021-yil noyabrda yana Rossiyaga borib, bir necha oy yurgan, keyin tanishi O‘zbekistonga ketib, mashina va xonadonni unga qoldirgan. Keyin bu mashina narkotik tashishda ishlatilganini bilgan. Bir shaxsning iltimosi bilan yuk olgan, ammo ochib ko‘rganida oq modda ekanini bilib, tashlab ketgan va Moskvaga qochgan. Politsiya avtomashinani tekshirib, geroin topgan, va sud uni 9 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan vaqtida u jazodan qutulish maqsadida Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolab, 2024-yil oktabrda harbiy xizmatga kirgan. U Rostov va Lugansk hududlarida tayyorgarlikdan o‘tib, keyinchalik o‘ziga biriktirilgan AK-74 quroli bilan Donetsk viloyatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

Sudlanuvchi M.A. jazoni o‘tayotgan vaqtida urushga jalb etilganini ham bayon qildi. Ufadagi tergov izolyatorida jazoni o‘tayotgan vaqtida Rossiya xodimlari bir necha bor kelib, urushga borishni taklif qilgan. Dastlab rozi bo‘lmagan, keyin yana kelishib, shartnoma tuzishni taklif qilishgan, lekin yana rad etgan. Shundan so‘ng bosim va qiynoqlar boshlangan, taxminan 180 kun davomida izolyatorda azoblashgan. Shuning uchun oxiri rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan. 2024-yil 1-oktabrda Yekaterinburgdagi koloniyada bir yillik shartnoma imzolagan. Keyin Rostovga, u yerdan Luganskdagi tayyorlov lageriga jo‘natilgan. 21 kun tayyorgarlikdan o‘tgan. 2024-yil 28-dekabr kuni Donetsk viloyati Gorlovka shahriga olib borilgan, 12 kun buyruq kutib turgan, shundan keyin jangovar harakatlarga kirgan.

Hujjatda qayd etilishicha, M.A. bir necha bor jarohat olgan: 2025-yil yanvarda boshidan o‘q tegib, keyinchalik yelkasi, qo‘li va bel qismiga snaryad parchalari kirgan. Shundan so‘ng harbiy gospitallarda davolangan. Sudlanuvchi jangovar harakatlarda ishtirok etgani va olgan jarohatlari haqida ham bayon qildi. Urushda taxminan 8 kun qatnashgan. 2025-yil 10-yanvar kuni boshidan o‘q tegib yaralangan, sheriklari uni jangovar hududdan olib chiqqan. Donetsk viloyati Yenakiyevo shahridagi shifoxonada bir oyga yaqin davolangan. 6-fevral kuni yana harbiy qismiga qaytib, Toretsk shahrini himoya qilishda ishtirok etgan. Shu vaqtda snaryad portlashi oqibatida chap yelkasi va qo‘l barmoqlariga metall parchalari kirib, yana yaralangan. Yana bir oy davolanib, qayta xizmatga qaytgan va minalarni zararsizlantirish bo‘linmasiga o‘tkazilgan. 2025-yil may oyida Selidovo shahrini egallash bo‘yicha harakatlarda ishtirok etgan. 18-may kuni „Jyolti“ qishlog‘i uchun janglarda beliga snaryad parchalari tegib, yana og‘ir yaralangan. Makeyevkadagi harbiy shifoxonaga olib borilgan, reanimatsiyaga yotqizilib, operatsiya qilib, parchalarni olib tashlashgan.

2025-yil iyul oyida M.A. gospitaldan qochib, Rostov shahridagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. U yerda unga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan va u avgust oyida O‘zbekistonga qaytgan. Sudlanuvchi harbiy gospitaldan qanday qilib qochib, O‘zbekistonga qaytganini ham bayon qildi. Donetsk viloyatidagi harbiy shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida operatsiyadan keyin Qirg‘iziston fuqarosi Elyor bilan uchrashgan, u bilan avval bir lagerda tayyorgarlikdan o‘tgan. Ikkovlari urushdan qochishga kelishgan va taxminan bir oy tayyorlanishgan. Keyin Roma ismli ozarbayjonlik bilan tanishib, uning yordamida 2025-yil 25-iyul kuni shifoxonadan qochib, Rostov shahriga borgan. U yerda O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, pasportini yo‘qotganini aytgan va vatanga qaytish guvohnomasini olgan. 2025-yil 6-avgust kuni Sochi — Samarqand reysi orqali O‘zbekistonga qaytgan.

M.A. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, Rossiya-Ukraina urushida qatnashishga majbur bo‘lgani, hozirda qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi va yengillik berishni so‘radi. Sudlanuvchining aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy va moddiy ahvolining og‘irligi, qaramog‘ida 5 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi hamda muqaddam sudlanmagani jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholandi.

Sud hukmiga ko‘ra, M.A. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi va 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 154-modda bo‘yicha 57-modda (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, 154−1-modda bo‘yicha ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi. Jazolarni qo‘shish tartibiga ko‘ra, axloq tuzatish ishlarining har uch kuni ozodlikni cheklashning bir kuniga tenglashtirilib, yakunda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sud qaroriga ko‘ra, u jazoni Namangan shahridagi yashash manzilida o‘taydi. Shu davrda ish vaqtidan tashqari vaqtda uydan chiqmasligi, nazorat qiluvchi organ roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmasligi lozim. Shuningdek, davolanish yoki boshqa sabablar bilan yashash yoki ish joyi o‘zgarsa, bu haqda Namangan shahar ichki ishlar organlarini darhol xabardor qilishi shart. Ozodlikni cheklash jazosini ijrosi Namangan shahar IIB probatsiya guruhi zimmasiga yuklatildi.

Avvalroq Qashqadaryoda Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida turib qatnashgan 38 yoshli fuqaro 3 yilga qamalgan edi. Uning aytishicha, Rossiyada jazo o‘tayotganida bosim va qiynoqlardan so‘ng harbiy shartnoma imzolagan. Luganskda janglarda ishtirok etib, dron hujumida yaralangan. Gospitaldan qochib, O‘zbekistonga qaytgan.

Source: www.gazeta.uz