O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Turkiya fuqarosi Perudan O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Gumonlanuvchi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (o‘ta yirik miqdorda firibgarlik) bilan ayblanmoqda. U Peru hududida tergov organlaridan yashirinib yurgan va xalqaro qidiruv doirasida qo‘lga olingan.
Ekstraditsiya jarayoni bir nechta davlatlarning hamkorligida amalga oshirildi. Xususan, Interpolning Toshkent va Lima byurolari tezkor harakatlarni muvofiqlashtirdi, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Peru Adliya vazirligi huquqiy ko‘mak berdi, Fransiya va BAA vakolatli organlari esa shaxsni tranzit orqali olib o‘tishda yordam ko‘rsatdi.
Hozirda ekstraditsiya qilingan shaxs O‘zbekistonga olib kelingan va unga nisbatan tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz