Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Axios nashri o‘z manbalariga tayanib, Oq uy AQSh va Eron o‘rtasida urushni to‘xtatadigan va Eron yadro dasturi bo‘yicha batafsil muzokaralarga zamin yaratadigan bir sahifalik o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishiga juda yaqin deb hisoblamoqda.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh 48 soat ichida asosiy bandlar bo‘yicha Eronning javobini kutmoqda. Hali hech narsa uzil-kesil kelishilmagan, biroq bu urush boshlanganidan beri kelishuvga erishish uchun eng qulay payt sifatida baholanmoqda.

Memorandum 14 banddan iborat bo‘lib, uni AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Eron rasmiylari bilan bevosita hamda vositachilar orqali muvofiqlashtirmoqda.

Hujjatning hozirgi variantida urushni to‘xtatish va Hurmuz bo‘g‘ozini ochish, Eron yadro dasturini cheklash hamda AQSh sanksiyalarini bekor qilish bo‘yicha 30 kunlik muzokaralarni boshlash ko‘zda tutilgan. Shu davr mobaynida AQSh Eron portlari blokadasini ham bekor qiladi.

Muzokaralar Islomobod yoki Jenevada bo‘lib o‘tishi mumkin. Agar ular boshi berk ko‘chaga kirib qolsa, AQSh blokada yoki harbiy harakatlarni qayta boshlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshlagan edi. Tehron darhol dunyo neftining 15-20 foizi o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan. Keyinroq Vashington Eron portlari blokadasi boshlanganini e’lon qilgan. 8-apreldan beri AQSh va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulh amal qilmoqda, biroq tomonlar muntazam ravishda bir-birini uni buzishda ayblab kelmoqda.

Source: www.gazeta.uz