Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Soliq qo‘mitasida blogerlarni soliqqa tortish masalasi muhokama qilindi. Uchrashuvda jarayon hozircha o‘rganish bosqichida ekanligi ta’kidlandi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, sohani tizimli o‘rganish doirasida 110 ta eng faol bloger ro‘yxati shakllantirilgan. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, ulardan 55 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, qolgan 22 nafari esa jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritmoqda.

«Bu blogerlik faoliyatining real ko‘lami va uning huquqiy maqomi o‘rtasida ma’lum bir nomuvofiqlikni ko‘rsatadi», deyiladi xabarda.

Alohida e’tibor 3 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan oltita top-bloger faoliyatiga qaratildi. Aniqlanishicha, 2025 yil davomida ular 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgan. Elektron schyot-fakturalar ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu blogerlarning umumiy daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil etgan, byudjetga esa 110,4 million so‘m soliq to‘langan.

Uchrashuvda ishtirokchilarga reklama joylashtirishdan olingan daromadlarni soliqqa tortish tartibi batafsil tushuntirildi. Xususan, o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodimlarni yollash huquqini bermasligi, ammo ba’zi blogerlar amalda administratorlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilayotgani ta’kidlandi.

Soliq qo‘mitasi vakillari ta’kidlaganidek, blogerlik faoliyatini qonunchilik talablariga moslashtirish va daromadlarning shaffofligini ta’minlash bugungi kunda dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Source: kun.uz