O‘zbekiston Afg‘oniston bozorida o‘z mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida qo‘shni davlatga eksport hajmi 550 million dollarga yetdi va oydan oyga barqaror o‘sish kuzatilmoqda.
Bu haqda Savdo-sanoat palatasi (SSP) rahbari Davron Vahobov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yanvar oyida yetkazib berish hajmi 111 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, aprelga kelib bu ko‘rsatkich 170 million dollarga oshgan.
Eksportning deyarli yarmi – 268 million dollar – oziq-ovqat mahsulotlariga to‘g‘ri kelgan. Xususan, to‘rt oy ichida 38 million dollarlik o‘simlik yog‘i, 3,5 million dollarlik tuxum va 5,7 million dollarlik tirik parranda (tovuq) yetkazib berilgan.
SSP rahbari Kobul bilan hamkorlikni faollashtirish davlat rahbarining bevosita topshiriqlari natijasi ekanini ta’kidladi. Yangi moliyaviy vositalar va mexanizmlar joriy etilishi, shuningdek, soddalashtirilgan logistika (yuklarni yetkazish 3–4 kun davom etadi) tufayli ushbu yo‘nalishdagi eksport salohiyati juda yuqori baholanmoqda.
“O‘tgan yili umumiy eksportimiz 1,8 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 4 milliard dollarga chiqishimiz mumkin”, – dedi Davron Vahobov va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni tayyor bozorni faolroq o‘zlashtirishga chaqirdi.
Tadbirkorlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Savdo-sanoat palatasi biznes-missiya uyushtirmoqda. 16 may kuni 100 ga yaqin tadbirkordan iborat delegatsiya Afg‘onistonning Kobul, Mozori-Sharif, Puli-Xumri, Bag‘lon va Samangan viloyatlariga tashrif buyuradi. Safar davomida SSP hamkorlar topish va o‘zbek mahsulotlarini joylarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishni yo‘lga qo‘yishda ko‘mak berishni rejalashtirmoqda.
Source: podrobno.uz