Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimotda O‘zbekiston hududlarida jamoat transportini yangilash uchun 1500 ta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj borligi ma’lum qilindi.
Yangi harakat tarkibini sotib olishni rag‘batlantirish, tadbirkorlarga moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish va yangi kredit liniyalarini ishga tushirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi. Biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilishni yana ikki yilga uzaytirish taklif qilinmoqda.
Prezident transport tizimi nafaqat yirik va aholi zich joylashgan shaharlarni, balki turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarni ham qamrab olishi kerakligini ta’kidladi.
Davlat rahbari Samarqand va Namanganda “yashil transport” yo‘nalishlarini kengaytirish, ularni “millionli shahar”ga aylantirish bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hozirda Xivaga sayyohlar oqimining keskin o‘sishi kuzatilmoqda, so‘nggi yillarda u uch baravar ko‘paydi, bu esa transport infratuzilmasiga yuklamani oshirdi. Shu bois Xiva, shuningdek, Shahrisabz, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida jamoat transportini rivojlantirish dasturlarini ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev jamoat transporti aholi turmush sifati, ekologik vaziyat va iqtisodiy faollikka bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Prezident yo‘nalishlarni kengaytirish, xavfsizlikni oshirish, sohaga raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish vazifasini qo‘ydi.
Source: www.gazeta.uz