Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar hokimligi va’da berganidek, shahar markazidagi Amir Temur xiyoboniga yerosti o‘tish yo‘llari o‘rniga svetoforli yerusti o‘tish yo‘llarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) mazkur loyihaning dastlabki variantini taqdim etdi.

Loyihani amalga oshirishda avtomobillar va jamoat transporti oqimi, piyodalar yo‘nalishlari hamda shaharning ushbu muhim tugun nuqtasi atrofidagi hududlarning istiqbolli rivojlanishi masalalari inobatga olinadi, deyiladi xabarda.

Mart oyi oxirida Gazeta xuddi 2010-yilgacha bo‘lganidek, yerusti o‘tish yo‘llarini qaytarishga chaqirgandi. Xiyobonga kirishni “insoniylashtirish” loyihasini 2018-yilda ham e’lon qilgan edik.

To‘rtta joyda svetoforli “zebra”lar tashkil etiladi. Hozirgi vaqtda bu yerda birorta ham svetofor yo‘q. Manba: YHTEM.

Yuridik universiteti bo‘ylab va boshqa joylarda pulli to‘xtash joylari saqlanib qoladi.

YHTEM hisob-kitoblariga ko‘ra, harakatlanish sxemasini optimallashtirish natijasida xiyobon atrofidagi aylanma yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati “konfliktli nuqtalarning kamayishi bilan bir vaqtda soatiga 5600 tadan 6000 ta avtomobilgacha ortadi”.

Hokimlik matbuot xizmatining Gazeta’ga ma’lum qilishicha, loyiha hali takomillashtiriladi. Xususan, xiyobon atrofida avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘lak o‘tishi kerak, bu esa avtomobillar uchun mo‘ljallangan haddan tashqari keng qatnov qismini qo‘shimcha ravishda toraytiradi.

Kuni kecha hokimlik, shuningdek, Sayilgoh ko‘chasi va unga tutash hududlarni kompleks rivojlantirish rejalari haqida ham xabar bergan edi.

Gazeta hokimiyat barcha fikrlarni inobatga olishi va Toshkent markazi haqiqatan ham insonparvar makonga aylanishi uchun loyihalar joriy etilishidan avval ularning batafsil tafsilotlari muhokama uchun e’lon qilinishiga umid qiladi.

Urbanist Arkadiy Gershmanning xiyobon atrofida piyodalar o‘tish yo‘llarini tashkil etish bo‘yicha taklifi. Illyustratsiya: Eldos Fazilbekov / Gazeta (2018-yil).

Source: www.gazeta.uz