O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyaning Malmyo shahrida o‘tgan TePe Sigeman Chess 2026 shaxmat superturnirini mag‘lubiyatsiz yakunladi va uchinchi o‘rinni bo‘lishib oldi. Turnir g‘olibi norvegiyalik Magnus Karlsen bo‘ldi.
Yakuniy tur oldidan Abdusattorovda birinchi o‘rin uchun qo‘shimcha matchga chiqish bo‘yicha nazariy imkoniyatlar saqlanib turgan edi. Buning uchun shaxmatchi niderlandiyalik Yorden van Forestni mag‘lub etishi, shuningdek, boshqa partiyalardagi qulay natijalarga umid qilishi kerak edi.
Biroq Abdusattorov — van Forest uchrashuvi durang bilan yakunlandi: raqib uni Gryunfeld himoyasi bilan hayron qoldirdi, so‘ngra pozitsiyani teng yakungacha soddalashtirdi.
Abdusattorov uchun bu turnir startidagi g‘alabadan keyingi ketma-ket oltinchi durang bo‘ldi, vaholanki u Endi Vudvord va Arjun Erigaysi bilan partiyalarda g‘alabani ilib ketishi mumkin edi. Shu bilan birga, u birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi, ammo o‘z reytingidan 2,6 ochko yo‘qotdi (jahon reytingining onlayn jadvalida — 2777,4).
Shunga qaramay, Chess.com qayd etishicha, u O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi bo‘lib qolmoqda (undan keyingi o‘rinda borayotgan Javohir Sindarovda — 2776 ball).
Yetti tur yakunlariga ko‘ra, u uchinchi o‘rinni 14 yoshli turkiyalik shaxmatchi Yag‘iz Kaan Erdog‘mush bilan bo‘lishib oldi, so‘nggi turda Karlsenga imkoniyatni boy berdi.
Birinchi o‘rin uchun kurashda Magnus Karlsen va Arjun Erigaysining partiyalari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Erigaysi kunni yakka peshqadam sifatida boshladi, ammo amerikalik Endi Vudvordga qarshi kechgan murakkab partiyada durang qayd etib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Karlsen esa, o‘z navbatida, Erdog‘mushga qarshi cho‘zilgan partiyada ustunlikni g‘alabaga aylantira oldi. Shundan so‘ng Karlsen va Erigaysining ochkolari tenglashdi va ular tay-breyk o‘ynashdi.
Tay-breykda ishtirokchilar avval 3+2 nazorat vaqti bilan ikkita blits partiya o‘tkazdi. Karlsen birinchisida, Erigaysi esa ikkinchisida g‘alaba qozondi. Birinchi g‘alabagacha davom etgan hal qiluvchi partiyada norvegiyalik shaxmatchi qora donalarda o‘ynadi, reglamentga ko‘ra qo‘shimcha 30 soniya oldi va yakunda partiyada, matchda hamda turnirda g‘alaba qozondi.
TePe Sigeman Chess turniri 1−7-may kunlari Malmyoda bo‘lib o‘tdi. Turnirda sakkiz nafar shaxmatchi bir davralik tizimda ishtirok etdi. Klassik partiyalarda vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, so‘ngra partiya oxirigacha 30 daqiqa va har bir yurish uchun 30 soniyadan qo‘shib borilgan holda belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi turnir g‘olibi Javohir Sindarov hisoblanadi, 2024-yilda esa g‘alabani Nodirbek Abdusattorov qo‘lga kiritgan.
Source: www.gazeta.uz