O‘zbekiston transport sohasiga raqamli yechimlarni joriy etish orqali chegaralardagi kechikishlarni qisqartirish, yuklar tranzitini tezlashtirish va logistika tizimini barqarorroq qilishni maqsad qilmoqda. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasidagi panel sessiyasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
Muhokama moderatorining savoliga javoban Choriyev O‘zbekiston uchun chegaralardagi kechikishlar mavzusi ayniqsa muhimligini ta’kidladi. U sobiq Sovet Ittifoqi davrida mamlakatlar o‘rtasida chegara muammolari bo‘lmaganini, ammo mustaqillikdan so‘ng har bir davlat o‘z chegaralari va xavfsizlik tizimlarini shakllantirgani sababli savdo imkoniyatlari cheklanganini aytdi.
Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, hozir Markaziy Osiyo avval samarali ishlagan tarixiy savdo yo‘nalishlariga qaytmoqda. Biroq ko‘plab temiryo‘llar va chegara punktlari vayron bo‘lgan, shuning uchun jismoniy to‘siqlarni bartaraf etish vazifasi turibdi. Chegaralarning har ikki tomonida yangi infratuzilma obyektlari qurilmoqda.
Raqamlashtirish haqida gapirar ekan, Choriyev chegara, bojxona va boshqa xizmatlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, agar barcha tuzilmalar yuk haqida oldindan ma’lumotga ega bo‘lsa, tizim yagona ekotizim sifatida ishlashi mumkin.
Vazir o‘rinbosari O‘zbekistonga kirib kelayotgan har qanday yuk uchun “tezlashtirilgan rejim” yaratishni maqsad qilganliklarini aytdi. Bu tranzit vaqtini qisqartirish, masalan, to‘rt kundan ikki kunga tushirishni anglatadi. Buning uchun elektron ruxsatnomalar (e-permits), e-CMR va elektron yuk hujjatlari kabi raqamli platformalar joriy etilmoqda.
Choriyev, shuningdek, mintaqa davlatlari zamonaviy texnologiyalar va tajriba almashinuvini faollashtirishi kerakligini ta’kidlab, Singapur va Yaponiyani misol sifatida keltirdi. U xalqaro maydonlarda muhokama qilinayotgan g‘oyalar amalda tatbiq etilishi lozimligini qo‘shimcha qildi.
Source: www.gazeta.uz