O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Toshkentdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
An’anaga muvofiq, prezident “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. “Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, – dedi davlat rahbari.
Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.
Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
“Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda bo‘layotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni ko‘rib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq bo‘lib kelayotgan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi”, – dedi davlat rahbari.
Source: www.gazeta.uz