Toshkent shahrida an'anaviy "Tashkent Flowers Fest 2026" gul festivali boshlandi. Tadbir 7-9-may kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yonidagi maydonda tashkil etilmoqda.
Poytaxt hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, festival "jamiyat e'tiborini ekologik tarbiya, tabiatni muhofaza qilish, yoshlarda ekologik ongni shakllantirish va 'yashil' shahar muhitini rivojlantirish masalalariga qaratish" maqsadida o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, tadbir Toshkentning sayyohlik jozibadorligini oshirish, poytaxt aholisi va mehmonlari uchun bepul va mazmunli madaniy hordiq muhitini yaratish, jamoat maskanlaridan samarali foydalanish, gulchilik, landshaft dizayni va ko‘kalamzorlashtirish madaniyatini targ‘ib qilishni ham maqsad qilgan.
Festival o‘tkazilayotgan maydonda dekorativ landshaftlar yaratish uchun 2 million gul va buta ishlatilgan. Gul tunnellari, osma gullar va instalyatsiyalar uchun esa 18 mingta butadan foydalanilgan.
Maydon markazida Yangi O‘zbekiston bog‘idagi "Mustaqillik monumenti" shaklidagi gullardan yasalgan kompozitsiyani, shuningdek, gullar bilan bezatilgan dinozavrlar, kapalak, tovus, arava, retro avtomobillar va 18 metrlik samolyot kompozitsiyalarni ko‘rish mumkin.
Tadbir mobaynida san’atkorlar ishtirokida konsertlar, madaniyat markazlari hamda badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari namoyish etilmoqda. Hunarmandlar yaratgan mahsulotlar va milliy taomlar ko‘rgazmalari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Hokimlik ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili festivalga 100 mingdan ziyod xorijiy va mahalliy turist tashrif buyurgan. Bu safar ular soni 150 mingga yetishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz