Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

61-Venetsiya zamonaviy san’at biyennalesi keng jamoatchilik uchun rasman ochildi. Bu yil dunyodagi eng nufuzli san’at voqealaridan birida tarixda ilk bor 100 ta davlat ishtirok etmoqda.

Global san’at maydonida 2022-yilda debyut qilgan O‘zbekiston, bu gal milliy pavilon ichida “The Aural Sea” loyihasini taqdim etmoqda. Ushbu ko‘rgazma tasavvur kuchidan vosita sifatida foydalangan holda, Qoraqalpog‘istondagi Orol dengizi mintaqasi tajribasini qayta anglashga bo‘lgan urinishdir.

Bunday yondashuv 1960-yillarda qishloq xo‘jaligini sug‘orish maqsadida Amudaryo va Sirdaryo o‘zanlarining keng miqyosda o‘zgartirilishi natijasida kelib chiqqan ekologik halokatni inkor etmaydi. Aksincha, tashrif buyuruvchilarga o‘tmishning achchiq saboqlaridan olingan bilimlarga asoslangan holda Orolning kelajagi haqida mulohaza yuritish taklif etiladi.

Milliy pavilon loyihasi jamg‘armaning xalqaro ta’lim tashabbusi — Buxoro biyennalesi kuratorlik maktabining ilk bitiruvchilari tomonidan ishlab chiqildi. Jamoa tarkibidan Aziza Izamova va Kamila Muxitdinova (O‘zbekiston), Sofi Mayuko Arni (Shveysariya), Niko Sun (Xitoy) va Txay Xa (Vetnam) o‘rin oldi.

Kuratorlarning yo‘nalishi va yondashuvi Venetsiya biyennalesining “In Minor Keys” (“Minor ohanglarida”) deb nomlangan asosiy mavzusi bilan hamohangdir. Loyihadan ko‘zlangan asosiy g‘oya — e’tiborni global hikoyalardan “ohista” amaliyotlarga ko‘chirish, shaxsiy tajriba va his-tuyg‘ularga yuzlanishdir, bu esa o‘z navbatida o‘zgacha idrokni talab etadi.

O‘zbekiston milliy pavilonida muloqot qilishning asosiy vositasi — quloq tutish hisoblanadi. Ekspozitsiyasi O‘zbekiston, Xitoy, Yaponiya, Vetnam va Buyuk Britaniya ijodkorlarining asarlaridan tashkil topgan kuratorlar hamda rassomlar muhim savollar: keskin transformatsiyani boshdan kechirgan landshaftga quloq tutish nimani anglatadi va o‘zgargan dunyoda yashayotgan avlodlar ovozini tinglab, nimani o‘rganish mumkin kabilarni o‘rtaga tashlaydi.

Orol mavzusiga to‘xtalib o‘tilishi milliy pavilonning Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasida olib borilayotgan uzoq muddatli ishlarning bir qismi ekanligini yana bir bor ta’kidlaydi. Ushbu faoliyat hududning madaniy xotirasini saqlash, uning salohiyatini anglash va rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlari hamda madaniy tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.

“The Aural Sea” ko‘rgazma loyihasi 22-noyabrga qadar tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.

Source: www.gazeta.uz