Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Xotira nuri” kitobining ikkinchi tomini nashr etdi. Ushbu kitob o‘zbekistonlik faxriylarning xotiralari va fotosuratlaridan iborat bo‘lib, birinchi tom o‘tgan yili chop etilgan edi.
Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan agentlik vakillari, jumladan, direktorning birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva faxriylar xonadonida bo‘lib, ularga kitobni topshirdi.
“Kitobning ikkinchi tomi faxriylar haqidagi biografik ocherklar turkumini davom ettirib, ularning kelajak avlodlarga yo‘llagan murojaatlarini saqlab qoladi”, — deya qayd etdi agentlik.
Mamlakatning turli hududlaridagi urush qatnashchilarining hikoyalari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan to‘plandi.
O‘tgan yili loyiha doirasida Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida “Xotira nuri” memorial maydoni ochilgan edi. Gazeta ushbu konsepsiya muallifi, haykaltarosh Marina Borodina bilan intervyu e’lon qilgandi.
Yaqinda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushining 60 nafar qatnashchisi va ularga tenglashtirilgan shaxslar istiqomat qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz