8-may kuni Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonlik fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli biznes vizasi bilan kirib kelgan va ruxsat etilgan bo‘lish muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda qolgan. Elchixona ma'lumotlariga ko‘ra, bunday vizalar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallanmagan.
“Turizm, biznes, qarindoshlar yoki tanishlarni yo‘qlash kabi maqsadlarda beriladigan qisqa muddatli vizalar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallanmagan. Ushbu viza bilan mamlakatda ishlash va uzoq muddat qolish taqiqlanadi”, — deya eslatdi elchixona.
Noqonuniy bo‘lish yoki noqonuniy ishga joylashish holatlari aniqlansa, qoidabuzarlar politsiya tomonidan ushlanadi va hibsga olinadi, shuningdek, Immigratsiya markazida saqlash va deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi. Yaponiya hukumati qoidabuzarlar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston hukumatiga taqdim etadi.
Elchixona fuqarolarni ogohlantirib, “Yaponiyada ishlash mumkin” degan turli takliflarga ishonib qolmaslikni so‘radi. 26-aprel kuni ham Yaponiyadan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilingan edi.
Source: www.gazeta.uz