Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 28 yoshli yigit o‘zi bilan unashtirilgan 18 yoshli maktab bitiruvchisini pichoqlab o‘ldirdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Voqea 6-may kuni soat 08:30 atrofida sodir bo‘lgan. Yigit N.M. o‘zi bilan unashtirilgan Q.I. bilan rashk tufayli o‘zaro janjallashib qolgan. So‘ngra yonida bo‘lgan pichoq bilan qizning ko‘krak va qorin qismiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan va voqea joyidan ketib yuborgan.

Oqibatda qiz olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi chiqib, joy ko‘zdan kechirilgan hamda daliliy ashyolar olingan, tegishli ekspertizalar tayinlangan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda profilaktika inspektori janjal 11-sinf o‘quvchi qizning bitiruv oqshomi uchun tiktirilgan ko‘ylagi sevgan yigitiga yoqmagani sabab kelib chiqqanini aytgan. IIB xodimi maktab ma’muriyatlarini yuqori sinf o‘quvchilari, ayniqsa, qizlar bilan ishlashda hushyorlikni oshirishga chaqirgan.

“Shuning uchun, psixologlar, ayol psixologlar ko‘proq bizda, maktablarga, 11-sinflarga, qizlarga e’tibor qaratamiz. Direktorlar, asosan ayollar. Qizlar bilan ishlanglar, hozirdan ishlanglar. Vaziyatini o‘rganinglar, o‘rtog‘idan so‘ranglar, kim bilan gaplashadi, nima qiladi, boshqa qiladi. Bu jiddiy masala. Xudo ko‘rsatmasin, ertaga bizda ham bo‘lmasin shu narsa. Nazoratga oling, izoh qoldiring menga. Nazoratga oling qattiqroq”, — deydi inspektor.

Hozirda holat yuzasidan Kosonsoy tuman prokuraturasi tomonidan yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushlangan.

Source: www.gazeta.uz